Huawei 1
Iqlim muammolarini hal etishda ilmiy yondashuv va innovatsion yechimlar zarurligi ta’kidlandi

Samarqand iqlim forumi doirasida “Iqlim o‘zgarishiga ilmiy yondashuvlar va innovatsion yechimlar: global chaqiriqlar va mahalliy strategiyalar” mavzusida sessiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti ("Green University") rektori Jasur Salixov, Xalqaro biosho‘rlangan qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) bosh direktori, doktor Tarifa Al Zaabi, Xitoy Fanlar akademiyasi Shinjon ekologiya va geografiya instituti direktori Chjan Yuanming, shuningdek, atrof-muhit bo‘yicha xalqaro institutlar, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdilar .

Sessiyada iqlim oʻzgarishi muammolarini hal qilishga qaratilgan asosiy ilmiy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalar, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasiga eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar mahalliy hamjamiyatlar uchun barqaror va moslashuvchan yechimlarni ishlab chiqishda fan va texnologiyaning rolini, shuningdek, iqlim sohasida xalqaro hamkorlik va bilim almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, quyidagi masalalarga alohida e'tibor berildi: 

— Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishining qishloq xo'jaligi, suv resurslari va mintaqa ekotizimlariga ta'siri, istiqboldagi prognozlar va amaliy moslashish strategiyalari;
— Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda innovatsion texnologiyalar: suv va havo resurslarini tozalashning zamonaviy usullari, qayta tiklanadigan energiya texnologiyalari, barqaror qishloq xo‘jaligi va iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishga ekotizim yondashuvi;
— Ilmiy hamkorlik va global tashabbuslarga integratsiya: iqlim muammolarini hal qilishda fanlararo yondashuvning ahamiyati;
— Ta’lim dasturlari, tajriba almashish va iqlimshunoslik sohasida yosh mutaxassislarni tayyorlash, talabalar va yosh tadqiqotchilar uchun keng imkoniyatlar yaratish.

“Green University” loyihasi doirasida iqlim bo‘yicha xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tadqiqotchilar va ekspertlar tarmog‘ini yaratish, qishloq xo‘jaligi, suv resurslarini boshqarish va ekotizimlar barqarorligini, ayniqsa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo oldida turgan dolzarb muammolarni hisobga olgan holda salbiy oqibatlarni yumshatishga qaratilgan iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha amaliy, mintaqaviy moslashtirilgan strategiyalarni ishlab chiqish mavzusi ham ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya, barqaror qishloq xo‘jaligi, suv va havoni tozalash kabi ilg‘or iqlim o‘zgarishini yumshatish texnologiyalari haqida xabardorlikni oshirish hamda samarali, dalillarga asoslangan yondashuvlarga urg‘u bergan holda milliy va xalqaro iqlim siyosatida ilmiy asoslarni mustahkamlash bo‘yicha tavsiyalar berildi.

"Green University" va Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon ekologiya va geografiya instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolangani sessiyaning muhim natijasi bo‘ldi. Hujjat ikki institut o‘rtasida atrof-muhit fanlari, iqlim o‘zgarishi, ekologiya va barqaror rivojlanish sohasidagi ilmiy hamkorlik va akademik o‘zaro hamkorlik asoslarini yaratishga qaratilgan.

Hamkorlik keng ko'lamli sohalarni qamrab oladi, jumladan:
— qo'shma tadqiqot dasturlari, milliy va xalqaro moliyalashtirish;
— qo‘shma ilmiy ekspeditsiya va tadqiqotlar o‘tkazish;
— qo‘shma tadqiqotlar uchun tuproq, suv va biologik materiallar namunalarini yig‘ish;
— yosh iqtidor egalarini tayyorlash va qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirish, shu jumladan, talabalar va tadqiqotchilarga grantlar va stipendiyalarga hujjat topshirishda ko‘maklashish;
– akademik faollikni oshirish maqsadida magistratura va aspirantlar almashinuvi;
– Xitoy Fanlar akademiyasi tomonidan taqdim etilgan kvotalarni olish imkoniyati bilan fan doktorlarini tayyorlash boʻyicha qoʻshma dasturni yaratish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41022 | Инструменты