Huawei 1
Joriy yil IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan

14-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qildi.

Joriy yil IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bunda asosiy kuch, albatta, yoshlar ekani taʼkidlandi.

“Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Coursera” platformasida 3 mingdan ortiq kurslarda sunʼiy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida taʼlim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yil "Muhammad Xorazmiy vorislari" loyihasi Qoraqalpog‘istonda ham joriy etilib, yana 1 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.

Birlashgan Arab Amirliklari bilan O‘zbekistonda "Bir million sunʼiy intellekt foydalanuvchilari" loyihasini amalga oshirishga kelishilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligiga bu boradagi ishlarni boshlash topshirildi.

O‘tgan yili 25 ming nafar qizlar IT bo‘yicha bepul o‘qitildi. Bu yil dasturchi qizlar soni 2 barobar oshirilishi reja qilindi. 1 ming nafar iqtidorli qizlar IT oromgohlarida xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.

Yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirildi.

Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi taʼlim ekani taʼkidlandi.

Shuning uchun kam taʼminlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy maʼlumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga taʼlim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etiladi.

Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.

Xorijda taʼlim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.

Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “Top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82501 | Инструменты