Yangilangan Konstitutsiyada Senatga mahalliy kengashlarning qarorlari qonunchilikka muvofiq bo‘lishini taʼminlash bo‘yicha katta masʼuliyat yuklatilgan.
Birgina o‘tgan yilning o‘zida ushbu kengashlar 34 ming 400 ta qaror qabul qilganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu qanchalik muhim vazifa ekani yaqqol ayon bo‘ladi.
Senat bu borada ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylikni taʼminlash bo‘yicha samarali tizim yaratishi kerakligi taʼkidlandi.
Senat qo‘mitalari – yuqori palataning yuragi, harakatlantiruvchi kuchidir. Har bir qo‘mita joylardagi muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan o‘tgan besh yil davomida o‘rtacha 37 tadan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazgan.
Lekin nazorat tadbirlari kutilgan natija berayaptimi, ulardan keyin joylarda aniq bir muammo o‘z yechimini topayaptimi, degan savol senatorlarni o‘ylantirishi kerak.
Shu bois, qo‘mitalardagi eshituv instituti asoslarini qonun darajasida mustahkamlab qo‘yish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish borasida katta dasturlar amalga oshirilmoqda.
To‘rt yil avval 23 foiz aholimizning daromadi kambag‘allik chegarasiga ham yetmas edi. O‘tgan davrda 3,5 million fuqaro uchun daromad olish imkoniyati yaratilib, kambag‘allikni 11 foizga tushirishga erishildi. Kelgusi uch yilda uni 7 foizga tushirish reja qilingan.
Kambag‘allikni qisqartirish va aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida kelgusi yili byudjetdan 500 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Shuningdek, yangi yildan 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar, 50 ga yaqin imtiyozlarni o‘zida mujassam etadigan yagona “Ijtimoiy karta” tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Daromadi va sog‘lig‘ini yo‘qotib, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan yurtdoshlarimizni qo‘llab-quvvatlash ko‘lami bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Buning uchun “Ijtimoiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111914 | Инструменты