Mis ishlab chiqarishda bitta ish o'rnini yaratish boshqa tarmoqlarda eng kamida uchtadan ish o'rnini yaratishga olib keladi - prezident jahon tajribasidan misol keltirdi
Avval ma'lum qilganimizdek, Shavkat Mirziyoyev bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinati konlari negizida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish borasidagi ishlar bilan tanishdi.
Shu o'rinda davlat rahbari yangi quriladigan qiymati 2 milliard dollar boʻlgan yangi uchinchi mis boyitish fabrikasi salohiyati haqida gapirdi:
"Ushbu korxona 2024 yilga borib yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash imkonini beradi. Ikkinchi bosqichda esa quvvatlar 160 million tonnaga yetadi yoki bugungi ko'rsatkichdan 3 barobarga ko'payadi.
Ana shu ikki bosqichni amalga oshirish tufayli korxona 2028 yilga borib yiliga 400 ming tonna mis, 50 tonna oltin va 270 tonna kumush ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'ladi.
Shu tariqa Olmaliq kombinati tog'-kon metallurgiyasi sohasida dunyodagi eng yirik sanoat majmualaridan biriga aylanadi.
Pirovard natijada kombinat ishlab chiqaradigan mahsulotlar hajmi 3 martadan ziyod ko'payib, uning qiymati hozirgi 2,5 milliard dollardan qariyb 8 milliard dollarga yetadi.
Loyiha doirasida 11 mingta yangi yuqori texnologik ish o'rinlari yaratiladi. Bu esa yosh yigit-qizlarimiz uchun geolog, muhandis, texnolog, loyihachi, dasturchi va boshqa zamonaviy kasb-hunarlarni egallash imkonini beradi.
Bu ulug'vor rejalar – tom ma'noda inqilobiy qadam, desak, to'g'ri bo'ladi", - deya ta'kidlagan davlat rahbari.
Bundan tashqari Mirziyoyev yurtimiz kon-metallurgiya tarmog'ining bugungi rivojlanishi va istiqbollari haqida ham gapirib o'tgan.
Uning so'zlariga ko'ra:
"So'nggi to'rt yil mobaynida metallurgiya tarmog'ida ishlab chiqarish hajmi 1,5 milliarddan 4,5 milliard dollargacha yoki 3 barobarga ortib, ushbu soha respublikamiz sanoatining qudratli drayverlaridan biriga aylangan.
Shuningdek, Tebinbuloq, Temirkon va Surenota konlari xom ashyo bazasi negizida yangi yirik qora metallurgiya korxonasini barpo etish loyihasi ishlab chiqilmoqda. Buning natijasida hozirgi vaqtda chet ellardan import qilinayotgan qariyb 1 milliard dollarlik metallurgiya xom ashyosi o'rni qoplanadi va katta miqdordagi valyuta mablag'lari iqtisod qilinadi.
Kelgusi yilda biz geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo'yicha to'liq xalqaro JORC standartlariga o'tamiz.
Yaqin 5 yilda kon-metallurgiya sanoati sohasida amalga oshirilayotgan barcha loyihalar hisobidan rudani qazib olish va qayta ishlash hajmi mamlakatimiz bo'yicha yillik 130 million tonnadan 300 million tonnaga ortadi.
Yer osti qazilma boyliklarini o'zlashtirish bo'yicha chet ellik investorlar uchun mavjud imkoniyatlarni yanada kengaytiramiz.
Hozirgi kunda mamlakatimizda konlarni geologik jihatdan o'rganish va o'zlashtirish bo'yicha Kanada, Fransiya, Yaponiya, Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlarning kompaniyalari o'z faoliyatini boshladi", deya fikr bildirgan davlat rahbari.
Ushbu rejalar shunchaki amal;ga oshjmaydi, bu uchun yetarlicha kadrlar ham bo'lishi lozim. Shu sababli tashrif davomida tarmoqda ishlab chiqarishni rivojlantirish va kadrlar tayyorlash masalasiga ham to'xtalib o'tilgan.
Ma'lum qilinishicha, rangli metallarni qayta ishlash zanjirlarini “xom-ashyodan – tayyor mahsulotgacha” degan tamoyil asosida rivojlantirishimiz zarurligi aytilmoqda.
Ushbu yo'nalishda mis sanoati va unga turdosh tarmoqlar, ya'ni, elektrotexnika, mashinasozlik, metall qotishmalar va turli metall mahsulotlari sanoatining integratsiyalashuvi, xususiy sektor bilan hamkorlik asosida amalga oshiriladi.
Shu maqsadda tegishli ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazlari tashkil etiladi. Bu borada qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xorijiy kompaniyalarni keng jalb etamiz.
Barcha darajadagi kadrlar – muhandislar, ximik-texnologlar, operatorlar, mashinistlar va boshqa texnik xodimlarni tayyorlash bo'yicha ishlab chiqarish korxonalari bilan uzviy bog'langan, yagona tizimni yaratishimiz lozim.
Jahon tajribasi shuni ko'rsatadiki, mis ishlab chiqarishda bitta ish o'rnini tashkil etish boshqa tarmoqlarda eng kamida uchtadan ish o'rnini yaratishga olib keladi.
Ushbu yo'nalishdagi birinchi qadam sifatida biz rossiyalik sheriklarimiz bilan birgalikda Olmaliq shahrida «MISiS» milliy tadqiqotlar texnologiya universiteti filialini tashkil etdik. Bundan tashqari, mamlakatimizda Geologiya fanlari universiteti ham tashkil etildi. U geologiya sohasidagi 5 ta ilmiy-tadqiqot markazini o'z ichiga oladi.
Universitet bazasida Moskva davlat universiteti bilan birgalikda qo'shma ta'lim dasturini joriy etish rejalashtirilmoqda.Kuni kecha Toshkentda geologiya fanlari yo'nalishi bo'yicha Italiyaning Piza universiteti filialini ochish haqida kelishuvga erishildi.
Bir so'z bilan aytganda, sanoat klasterlarining tashkil etilishi ushbu tarmoqda ishlab chiqarish hajmini kamida 12 milliard dollargacha oshirish imkonini beradi.", - deya ta'kidlagan Prezident Shavkat Mirziyoyev va o'z so'zining yakunida:
"Biz bugungi kunda xalqimizning bunyodkorlik kuchiga tayanib, yangi davlat, yangi jamiyat, zamonaviy iqtisodiyot barpo etish yo'lida barcha sohalarda marrani albatta katta olmoqdamiz.
Keng ko'lamli demokratik islohotlarimiz tufayli keyingi yillarda yurtimiz qiyofasi, iqtisodiyotimiz manzarasi tubdan o'zgarmoqda.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati, tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash, investitsiya jozibadorligini oshirishga qaratilgan ishlarimiz natijasida
har bir shahar va tumanda o'nlab va yuzlab yangi, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari barpo etilmoqda.
Faqat joriy yilning birinchi yarmida 50 ta yirik va 5 mingdan ziyod o'rta loyihalar bo'yicha yangi quvvatlarni ishga tushirganimiz buning amaliy dalilidir.
Mamlakatimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, aholining hayot darajasi va sifatini tubdan yuksaltirish, yurtimizni har tomonlama obod qilish, odamlarimizni, birinchi navbatda, yoshlarimizni munosib ish va barqaror daromad manbalari bilan ta'minlash uchun mana shunday yirik loyihalarni yana ko'plab amalga oshirishimiz kerakligini aytib, eng muhimi buning uchun bugun bizda barcha imkoniyat va resurslar mavjud ekanligini ma'lum qilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112208 | Инструменты