Huawei 1
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.

Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayotgani qayd etildi. Masalan, infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya omillari ko‘p.

Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritishdan nariga o‘tmayotgani, ularning muhokamasi ham, javobi ham quruq rasmiyatchilik ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlari rahbar bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining ishi ham juda sustligi, faoliyati tuman, mahalla bilan bog‘lanmagani uchun natija yo‘qligi qayd etildi. Parlament masʼul qo‘mitalarining ham o‘rni sezilmayotgani aytildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibini to‘liq yangilash, ularga rais etib viloyat xalq deputatlari kengashi raislarini tayinlash taklif etildi.

Hududiy kengashlar insongacha tushib, korrupsiyaviy omillarni aniqlashi, ularga barham berish uchun qaysi qonunni o‘zgartirish zarur, degan savollarga javob topishi kerakligi taʼkidlandi.

Kengashlar har chorakda kamida bitta sohada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, qonun ustuvorligi, jazo muqarrarligini taʼminlash bo‘yicha Milliy kengashga taklif kiritadi.

Har bir vazir va hokimga bu yil barcha xizmatlar bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tuman kesimida baholaydigan tizim yaratish topshirildi.

Ko‘rsatilgan servis sifatiga aholini o‘zi baho beradi, eng yomon deb topilgan idora rahbarlari bo‘yicha xulosa qilinadi.

Shuningdek, fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi masalalarda idorama-idora yurmasdan, onlayn javob oladigan tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt asosida aholining savollariga qo‘l telefoni orqali sodda javob beradigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.

Shu bilan birga, sohalarni nazorat qilib, tartibga solishga masʼul 14 ta inspeksiya bor, ular juda katta vakolat va kuchga ega. Ushbu idoralar xodimlari ham korrupsiyaga qo‘l urayotgani tashvishli ekani taʼkidlandi.

Vazirlar Mahkamasiga tizimidagi korrupsiyani bilib-bilmaslikka olib yurgan inspeksiya rahbarlari ishiga baho berib, ikki haftada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha har biriga aniq vazifa qo‘yish topshirildi. Har oyda bittadan inspeksiya faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi va ulardan qattiq so‘rov qilib boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30602 | Инструменты