Huawei 1
5-mart kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan muhim voqealar dayjesti

Shavkat Mirziyoyev: Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov – bu korrupsiyadir

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish boshlandi. Davlat rahbari so‘zining avvalida islohotlar hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish bo‘yicha ishlarga baho berib, kelgusi vazifalarni aniq belgilab olish zarurligini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlar vaziri nega ishdan olinganini ma’lum qildi

Qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilish ko‘payib ketgani uchun o‘tgan hafta favqulodda vaziyatlar vaziri va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi.

Prezident Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi faoliyatidan mutlaqo noroziligini aytdi

Agentlik xodimlari vazirliklarga, hududlarga borib, aniq bir sohani tahlil qilib, muammolarga yechim berish o‘rniga, qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini sanaydigan quruq statist bo‘lib qolgani qayd etildi. Bosh vazirga 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalari rahbarlarini ishdan olish va ularning o‘rniga halol, fidoyi va professional kadrlardan qo‘yish, ularni oldiga aniq vazifalarni belgilab berish topshirildi.

Prezident korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda vazirlik va idoralarning o‘rni ham, masʼuliyati ham sezilmayotganini qayd etdi

Korrupsiyani oldini olish, omillari bilan ishlash uchun 117 ta vazirlik va idoradagi “korrupsiyaga qarshi ichki nazorat” tuzilmalarida 1 ming 285 xodim ishlamoqda. Lekin, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etishda ularning o‘rni ham, masʼuliyati ham sezilmayotgani qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev: Xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mahalliy avtomobil va mebeldan foydalanishga o‘tish zarur

Byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani taʼkidlandi. Byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytirilishi belgilandi.

Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun qabul qilinadi

Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani taʼkidlandi. Bu borada jamoatchilik fikri juda muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1 aprelgacha kiritish topshirildi. Noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

Soliq, bojxona, bank xodimlari va hokim o‘rinbosari hamda tadbirkorlardan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida 17 nafar soliq idoralari xodimlari, 1 nafar bojxona organi xodimi, 1 nafar bank xodimi, 1 nafar tuman hokimining birinchi o‘rinbosari va 18 nafar tadbirkorlik subyektlarining mansabdor shaxslaridan iborat uyushgan jinoiy guruh faoliyati fosh etildi.

O‘zbekistonning 6 viloyatida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

Tog‘li hududlarda yashovchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish so‘raldi.

Taksichilarning daromadlari hisob-kitobi noldan boshlanadi

Soliq qo‘mitasi 2024 yilda taksichilarning daromadi 100 mln so‘mdan oshgan bo‘lsa ham, hisob-kitob noldan boshlanishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston prezidenti SHHT bosh kotibini qabul qildi

Ushbu nufuzli tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama sheriklikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan umumiy xavf va xatarlarga qarshi kurashishda amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va sheriklik tamoyillari asosida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish muhim ekani ta’kidlandi.

Metan zapravkalar faoliyatiga qoʻyilgan cheklovlar bosqichma-bosqich olib tashlanadi

Energetika vazirligi 6-mart kuni soat 09:00 dan e’tiboran barcha hududlarda metan zapravkalar faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi

Savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-logistika, turizm va madaniyat sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Angrendagi ko‘mir konida «BelAZ» ag‘darilib ketishi oqibatida haydovchi halok bo'ldi

Ma'lum bo'lishicha, «Angren» ko‘mir konida «BelAZ» rusumli avtoag‘dargich tog‘ jinslarini to‘kish vaqtida orqaga sirpanib, ag‘darilib ketgan va alangalanish ro‘y bergan. Hodisa oqibatida og‘ir tan jarohati olgan avtoag‘dargich haydovchisi kasalxonada vafot etdi. Hozirda ko‘mir konida ro‘y bergan hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30609 | Инструменты