Korrupsiyaviy va iqtisodiy qonunbuzarliklarga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish masalalari koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-dekabr kuni korrupsiyaga qarshi kurashish, komplayens nazoratini takomillashtirish va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar taqdimoti bilan tanishdi.

Korrupsiya – aksariyat jamiyatlarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga putur yetkazuvchi jiddiy jinoyatdir. Biror-bir mamlakat, mintaqa, jamiyat korrupsiyadan immunitetga ega emas. Korrupsiya tadbirkorlikka, fanga, taʼlimga, sogʻliqni saqlash va boshqa koʻplab sohalarga jiddiy zarar yetkazadi, mamlakat korrupsiyalashgan tizimda muvaffaqiyatli rivojlana olmaydi.

Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarning boshidanoq bu haqiqatni chuqur anglagan holda korrupsiyaning oldini olish, shaffoflikni oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu mavzu ayni shu kunlarda muhokama qilinayotgani bejiz emas. Zero, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashabbusi bilan 2004-yildan boshlab har yili 9-dekabrda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni butun dunyoda nishonlanadi. Ushbu sana mazkur yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar samarasini baholash, amaliy natijalarni tahlil qilish va yangi vazifalarni belgilash uchun muhim fursat.

Oʻtgan davrda davlat organlarida komplayens nazorati tuzilmalarining faoliyati qayta koʻrib chiqilib, ichki nazorat boʻlinmalarida 11 mingdan ortiq oʻrganishlar oʻtkazilgani, 793 milliard soʻmlik mablagʻlarning maqsadsiz sarflanishining oldi olingani maʼlum qilindi. Qariyb 2 trillion soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 478 milliard soʻmlik zarar undirildi.

Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlinmalarining samaradorlik koʻrsatkichlari (KPI) tasdiqlangani, ular tomonidan 700 dan ortiq oʻrganish, monitoring va nazorat tadbirlari oʻtkazilgani natijasida 354 milliard soʻmlik moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlandi, 1397 ta manfaatlar toʻqnashuvi holati hamda qariyb 550 milliard soʻm mablagʻning maqsadsiz sarflanishining oldi olindi. Mansabdor shaxslarga nisbatan 26 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi, 24 nafari maʼmuriy va 148 nafari intizomiy javobgarlikka tortildi.

Sogʻliqni saqlash, maktabgacha va maktab taʼlimi, kadastr va qurilish tizimlari hamda davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, kadrlarni ishga olishda shaffoflikni taʼminlash, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqitish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish klasterini yoʻlga qoʻyish taklif etildi. Bu tizim Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, idoralarning ichki nazorat boʻlinmalari, taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari oʻrtasida mazkur illatga qarshi kurashish boʻyicha yaqin hamkorligini oʻrnatish va ularning saʼy-harakatlarini birlashtirishga xizmat qiladi.

Klaster doirasida axborot almashish, qoʻshma tadbirlar oʻtkazish, monitoring va baholash orqali yaxlit ekotizim yaratiladi, ishlarning samaradorligi oshadi.

Taqdimotda sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Turli idoralarning maʼlumot bazalarini integratsiya qilish asosida Xavf-tahlil markazini tashkil etib, korrupsion xavflarni hamda davlat xaridlarida affillanganlik holatlarini avtomatik aniqlash rejalashtirilgan. Shuningdek, komplayens boʻlimlarning ishini toʻliq raqamlashtirish, korrupsiyaviy omillar va xavf-xatarlarni aniqlash tezkorligini oshirish boʻyicha rejalar taqdimot qilindi.

Qarorlar qabul qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi. Shu maqsadda “E-qaror” tizimida hujjatlarning ochiq eʼlon qilinishi ustidan nazoratni hamda budjet mablagʻlaridan foydalanishda jamoatchilik nazorati imkoniyatlarini kengaytirish topshirildi.

Preventiv choralarning koʻlami va taʼsirchanligini oshirishga alohida eʼtibor berildi.

Soha va tarmoqlarda korrupsiya omillarini bartaraf etish boʻyicha loyiha ofislarini tashkil etish taklif qilindi. Bunda korrupsiya jinoyatlari statistikasi va byurokratiya darajasi yuqori, faoliyati boʻyicha fuqarolardan eng koʻp murojaatlar kelib tushayotgan hamda raqamlashtirish darajasi past boʻlgan sohalar bilan manzilli ishlash zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Bunday soha va tarmoqlarda loyiha ofislari tashkil etilib, faoliyat yakunlari boʻyicha hisobot tayyorlanadi va jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

Umuman, korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga keng jamoatchilikni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Bu borada investitsiya loyihalarining ijrosini nazorat qiluvchi tashabbuskor guruhlarni koʻpaytirish, qurilish ishlarini nazorat qilishda mahalla faollarining ishtirokini taʼminlash taklif qilindi.

Korrupsiya haqida xabar berayotganlar sonini oshirish maqsadida ularga himoya orderi berishni yoʻlga qoʻyish, ragʻbatlantirishning real mexanizmini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qoʻshgan hissasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, davlatimiz rahbariga qoʻshilgan qiymat soligʻi maʼmurchiligidagi suiisteʼmolchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, turli sohalardagi iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi koʻrilayotgan choralar haqida hisobot berildi.

Mutasaddilarga bu borada faqat jinoyatning oqibatlari bilan kurashish emas, balki unga sabab boʻluvchi omillarni bartaraf etishga alohida eʼtibor qaratish, faoliyatni raqamlashtirib, masofaviy nazorat mexanizmlari va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish, moliyaviy va huquqiy savodxonlikni oshirish, qonunbuzarliklarga imkon beruvchi boʻshliqlarga yoʻl qoʻymaslik maqsadida qonunchilik hujjatlarini doimiy ravishda takomillashtirib borish zarurligi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121022 | Инструменты