Huawei 1
"Loyihani eng zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil etamiz" - “O‘zatom” agentligi direktori O‘zbekistondagi kichik AES qurilishi haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni atom energetikasi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

“O‘zatom” agentligi direktori Azim Axmedxo‘jayev tahlillar 2040-yilga borib dunyoda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 25%i atom energetikasi hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatganini aytdi.

Uning qayd etishicha, “Rosatom” tomonidan Jizzax viloyatida kichik atom elektr stansiyasini qurish loyihasi turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda xalqaro xususiyatga ega bo‘ladi. Loyihaga Rossiya texnologiyalari bilan birga Xitoyning noyadro texnologiyalari hamda Yevropa dasturiy ta’minoti va apparat vositalarini qo‘llash rejalashtirilgan.

“Bu yo‘l bilan biz ushbu loyihani eng zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirish uchun xalqaro konsorsium tashkil etamiz. Bu loyihaga noan’anaviy yechimlar, masalan, Vengriya yoki Xitoy ishlab chiqaruvchilarining quruq sovutgichlarini tatbiq etish rejalashtirilgan. Bu orqali elektr stansiyasida suv sarfini kamaytirish maqsad qilingan”, — dedi u.

Axmedxo‘jayev kichik AES loyihasi MAGATE tomonidan qat’iy nazorat ostida amalga oshirilayotganini, uning mutaxassislari “Rosatom” bilan birgalikda loyihada ishtirok etayotganini ta’kidladi. Xalqaro tashkilot xavfsizlik me’yorlari va standartlariga rioya qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi, dedi u.

“O‘zatom” MAGATE bilan alohida hamkorlik dasturini ishlab chiqdi, uning doirasida agentlik mamlakatda malakali kadrlarni tayyorlash, xavfsizlik me’yorlarini ta’minlashni nazorat qilish hamda yadro energetikasi loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashmoqda.

“Shuningdek, davlatimiz rahbarimiz tomonidan O‘zbekistonda shu kabi loyihalarni amalga oshirishning boshqa shakllarini ham ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berildi, biz bu jarayonni bugundanoq amalga oshirishni boshlaymiz”, — dedi Azim Axmedxo‘jayev.

Bundan tashqari, “O‘zatom” direktori prezident islohotlari katta miqdordagi elektr energiyasini talab qilishini, bu ehtiyojni qisman atom energetikasi qoplashi mumkinligini ta’kidladi.

2024-yil oktabr oyida Azim Axmedxo‘jayev atom elektr stansiyalarini qurish uchun 14 ta potensial maydon dastlabki baholanganini ma’lum qilgandi. Kelajakda “O‘zatom” O‘zbekistonning turli hududlarida kichik reaktorlarni rivojlantirish uchun joylarni batafsil o‘rganishni rejalashtirgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 21117 | Инструменты