O‘zbekiston yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni boshlab, biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiya (CMS) ishtirokchilarining 14-konferensiyasiga raisligi doirasida CMS kotibiyati bilan birgalikda Berlin shahrida yangi mamlakatlarni Konvensiyaga jalb qilishga qaratilgan yuqori darajadagi tadbir tashkil etildi.
Tadbirda atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mamlakatning milliy va xalqaro miqyosdagi strategiyasi taqdim etildi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov CMS konvensiyasiga yangi davlatlar qo‘shilishi muhimligini ta’kidlab, O‘zbekiston raisligi (2024–2026-yillar) davrida tashkilotga a’zo bo‘lishdan manfaatdor davlatlarga zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Emi Frankel o‘z navbatida O‘zbekistonning ko‘chib yuruvchi turlarni muhofaza qilish tashabbusini ilgari surishdagi yetakchi rolini qayd etib, Samarqandda bo‘lib o‘tgan Konvensiya ishtirokchilarining 14-konferensiyasida qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, u ishtirokchi mamlakatlarga ekologik tashabbuslarni samarali amalga oshirishga yordam beradigan strategik hujjatlarga to‘xtaldi.
Ishtirokchilarni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan quyidagi xalqaro tadbirlarga taklif etish uchrashuvning muhim qismi bo‘ldi:
• Birinchi Samarqand iqlim forumi (2025-yil 4–5-aprel);
• “Eco Expo Central Asia” ekologik texnologiyalar xalqaro ko‘rgazmasi (2025-yil 3–5-iyun);
• CITES Konvensiyasi ishtirokchilari konferensiyasining 20-yig'ilishi (2025-yil 24-noyabr – 5-dekabr).
O‘zbekiston global ekologik kun tartibiga sodiqligini yana bir bor tasdiqlab, xalqaro hamjamiyatni tabiatni muhofaza qilish va yovvoyi hayvonlar ko‘chib yuruvchi turlarining barqaror kelajagini ta’minlash bo‘yicha birgalikda chora ko‘rishga chaqiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21121 | Инструменты