Huawei 1
Toshkentda tibbiyot chiqindisini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi zavod ishga tushdi

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan 25-avgust kuni Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan 16-son shahar kasalxonasi yonidagi tibbiyot chiqindilarini yoqish zavodining ishga tushgani munosabati bilan press-tur tashkil etildi. Unda respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda soha xodimlari ishtirok etdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan “Nol chiqindi” tamoyiliga koʻra “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi 2024-yil 17-iyuldagi 263-son qarori ijrosi yuzasidan AQShning «Sayar» kompaniyasi tomonidan tibbiyot chiqindilarini yoqish orqali muqobil issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi respublikadagi ilk zavod oʻz faoliyatini boshladi.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 13-aprelda investor, loyiha kompaniyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi oʻrtasida investitsiya shartnomasi imzolangan edi. 

Unga muvofiq investor va loyiha kompaniyasi ishtirokida:
— Birinchi bosqichda yaʼni 2024-2025-yillar davomida 7 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish orqali Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarining barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga hosil boʻladigan 6 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, yiliga 20 GVt soat quvvatga ega uskunalarni ishga tushirishi belgilangan;

— Ikkinchi bosqichda yaʼni 2026-2030-yillar davomida 108 mln. AQSH dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish orqali respublikaning qolgan hududlarida joylashgan barcha turdagi tibbiyot muassasalarida yiliga hosil boʻladigan 90 ming tonna tibbiyot chiqindisini termik qayta ishlab, yiliga 300 GVt soat quvvatga ega uskunalar ishga tushiriladi.

Mazkur chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan bugungi kunda Toshkent shahri Chilonzor tumanida joylashgan 16-son shahar kasalxonasidagi qurilish-montaj ishlari yakunlanib, insinerator uskunalari olib kelindi va ilk zavod oʻz ishini boshladi. Hozirda ushbu zavodda kuniga 3 tonna miqdoridagi tibbiyot chiqindisi yoqilib, bartaraf etilmoqda. Zavod kuniga 20 soatda 6 tonna chiqindi yoqish quvvatiga ega.

Taʼkidlash joizki, bu kabi tibbiyot chiqindilarini samarali utilizatsiya qilishga moʻljallangan navbatdagi zavodlarning qurilishi Toshkent shahri Olmazor tumanidagi Toshkent Tibbiyot akademiyasining 2-klinikasi (ToshMI) hamda Toshkent tumanidagi Toshkent Pediatriya tibbiyot instituti (SamPI) tibbiyot muassasalarida qizgʻin davom etmoqda.

Jarayonda OAV vakillari soha mas’ullaridan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82814 | Инструменты