Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzilib, saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 11-iyul kuni bo'lib o'tgan majlisida 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarning 15,6 milliondan ziyodi yoki qariyb 80 foizi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, o‘zi munosib deb bilgan nomzodga ovoz berdi.
Majlisda 2023-yil 9-iyul kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari bo‘yicha bayonnoma tuzildi hamda saylov natijalarini tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Jumladan, saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanganligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan nomzod Robaxon Mahmudovaga saylovchilarning 4,43 foizi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovga 4,02 foizi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayevga 3,74 foizi yoqlab ovoz berilganligi bayonnomada aks ettirildi.
Bundan tashqari, majlisda muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan murojaatlar to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va tegishli qaror qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13105 | Инструменты