Joriy yilning 9-10 may kunlari Myanma sohillari yaqinida 2 ta kema cho‘kib ketdi. Ushbu hodisa oqibatida 400 dan ortiq rohinja musulmonlari halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Myanmaning musulmon ozchiligi bo‘lgan kamida 427 nafar rohinja 9-10 may kunlari sodir bo‘lgan 2 kemaning cho‘kib ketishi oqibatida dengizda halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu esa mazlum xalq uchun navbatdagi fojiali hodisadir.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissarligining kecha, 23 may kuni bergan bayonotiga ko‘ra, agar ushbu ma’lumotlar tasdiqlansa, bu hodisa shu yildagi rohinjalik qochqinlar bilan bog‘liq eng yirik dengiz halokati bo‘lishi mumkin.
“BMT Qochqinlar agentligi joriy oy boshida Myanma sohillarida yuz bergan ikki kemaning halokati haqida kelib tushgan xabarlar bo‘yicha chuqur xavotir bildiradi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, kemalarning cho‘kishi bilan bog‘liq aniq holatlar hali ham o‘rganilayotganini aytib o‘tilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 9 may kuni 267 kishini olib ketayotgan 1-kema cho‘kkan, faqat 66 kishi tirik qolgan. 10 may kuni esa 247 nafar rohinjalik bo‘lgan 2-kema ag‘darilib ketgan va faqat 21 kishi omon qolgan.
“Kemalarda bo‘lgan rohinjaliklar Bangladeshdagi ulkan Cox’s Bazar qochqinlar lagerlaridan yoki Myanmaning g‘arbiy Raxayn shtatidan qochayotgan bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Myanmada o‘nlab yillardan beri ta’qib qilinayotgan rohinjalar har yili minglab sonlarda o‘z yurtidagi zulm va fuqarolar urushidan qochib, ko‘pincha yaroqsiz kemalarda jon saqlab ketishga urinadi.
BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida bergan bayonotida bu ikki fojia “rohinjalarning naqadar umidsiz ahvolda” ekanini va Bangladeshdagi qochqinlarning gumanitar yordam tobora kamayib borayotgan bir sharoitda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotganini yana bir bor eslatishini ta’kidlagan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52502 | Инструменты