Amerika Qo‘shma Shtatlarida 2026 yildan boshlab bir sentlik tangalar ishlab chiqarilmaydi. Bu haqda AQSH Moliya vazirligiga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ishlab chiqarish to‘xtashiga qaramay, bir sentlik tangalarni tovar va xizmatlar uchun to‘lovda ishlatish davom ettiriladi. Tangalarni ishlab chiqarish xarajatlari ularning nominal qiymatidan yuqori bo‘lgani sababli hukumat ularni chiqarishni iqtisodiy jihatdan maqsadsiz deb topgan.
Kelajakda AQSHda narxlar besh sentlik tangalar bilan yaxlitlanadi. Bu shuni anglatadiki, masalan, 1,02 yoki 1,03 dollar bo‘lgan narx 1,00 yoki 1,05 dollarga yaqinlashtiriladi.
Prezident Donald Tramp bir necha oy oldin ushbu tangalarni ishlab chiqarishni to‘xtatishni talab qilgan edi. U bunga asosiy sabab sifatida ularning ishlab chiqarilishi iqtisodiy jihatdan zarar keltirishini ko‘rsatgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday qaror yiliga qariyb 56 million dollar mablag‘ni tejash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, bir sentlik tanga AQSHda 1792 yildan boshlab zarbxonalar tomonidan bosilgan ilk tangalardan biri hisoblanadi. Uning old tomonida AQSHning 16-prezidenti Avraam Linkoln, orqa tomonida esa 13 ta vertikal chiziqli qalqon tasvirlangan. Qalqonlar davlat va milliy birlik ramzi sifatida talqin qilinadi. Hozirda muomalada taxminan 114 milliard dona bir sentlik tanga mavjud bo‘lib, ularning umumiy qiymati 1,14 milliard dollarni tashkil etadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52501 | Инструменты