Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda.
So‘nggi sakkiz yilda Andijonda dastgohsozlik sanoati 20 karra o‘sgani qayd etildi.
"Kecha yarmarkada ko‘rdim. Viloyatda bu borada katta maktab shakllanib ulgurdi, yangi korxona qilaman, degan tadbirkorlar ham ko‘p. Lekin ikki yilda viloyatga chetdan 1 milliard dollarlik asbob-uskunalar import qilingan. Ularni ishlab chiqarishni qancha tez o‘zlashtirsak, iqtisodiyotni yangi texnologik bosqichga o‘tkazishda eng muhim qadam bo‘ladi", - dedi davlat rahbari.
Masalan, Buloqboshidagi “Molekulyar kimyo” korxonasi respublikada yagona bo‘lgan bo‘yash dastgohlarini ishlab chiqarishni boshlagan. Mutasaddilar yana 10-15 ta shunday tadbirkorni topib, ularga sharoit qilib bersa, vaziyat mutlaqo o‘zgarishi taʼkidlandi.
Afsuski, bunday tadbirkorlarga uskunasi uchun sertifikat olish, ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni qiyinligi, uzoq vaqt talab qilgani sababli ular loyihalarga pul tikishdan xavfsirayapti. Masʼullarga ular bilan yaqin muloqot o‘rnatish va loyihalariga ko‘maklashish topshirildi.
Bundan tashqari, mashinasozlik-konstruktorlik ishlab chiqarish markazlarini tashkil etish Andijondan boshlanishi belgilandi.
Jumladan, tarmoqlar rahbarlari to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel, avtomobilsozlik kabi “drayver” sohalarda talab yuqori bo‘lgan kamida 5 turdagi import uskunasining texnik ko‘rsatkichini o‘rganadi. Ularning konstruktorlik yechimlarini mahalliy korxonalarga taklif qiladi. Bunday uskunalarni mahalliylashtirish istagidagi tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Oltinko‘ldagi tadbirkor zovurni yopiq tizimga o‘tkazib, 1,1 gektarda 20 ta savdo va servis obyekti qurgan. Tuman hokimlari hech bo‘lmaganda 30 kilometr zovurni shu tizimga o‘tkazsa, 1 mingta savdo-servis obyekti, 10 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga butun respublika bo‘yicha trassa bo‘yidagi kamida 300 kilometr zovurlarni belgilab, tadbirkorlarga taklif qilish topshirildi. Yil yakunigacha Oltinko‘l tajribasi asosida 10 mingta savdo-servis joyi va 100 mingta ish o‘rni yaratilishi belgilandi.
Shuningdek, viloyatdagi 21 ming gektar adirni 13 ming gektariga suv chiqarib, ekin ekish mumkin. Mutasaddilarga respublikadagi barcha qir va adirlardan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Bunday yerlarga suv chiqarishda nasos ishlatish uchun elektr energiyasi narxi dehqonlarga og‘irlik qilishini inobatga olib, quyosh paneli o‘rnatish uchun moliyaviy instrumentlarni tezroq ishlatish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43005 | Инструменты