Yoʻlovchi ATTO kartasidan avtobusga toʻlov qilib, 1 soat ichida 1 yoʻnalishdan boshqasiga oʻtsa, 2-toʻlov 1500 soʻm boʻladi (hozir 700 soʻm). 1 soat davomida uchinchi va toʻrtinchi avtobusda harakatlanish esa bepul
2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Toshkent shahrida jamoat transportida yoʻl haqi kartadan toʻlov uchun 1 ming 700 soʻmdan 2 ming 500 soʻmga (47 foiz) oshiriladi. Bu boʻyicha Xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining qarori eʼlon qilindi. Naqd puldagi toʻlov uchun esa chipta qiymati oshirilmaydi, ya’ni amaldagi 3 ming soʻmligicha qoladi.
Qarorga koʻra, transport kartasidan foydalanadiganlar uchun imtiyozli va bepul tariflar amal qiladi. Masalan, yoʻlovchi ATTO kartasidan avtobusga toʻlov qilib, bir soat ichida bir yoʻnalishdan boshqasiga oʻtsa, ikkinchi toʻlov 1500 soʻm boʻladi (hozir 700 soʻm). Bir soat davomida uchinchi va toʻrtinchi avtobusda harakatlanish esa bepul.
Bir soatlik tarifda metrodan faqat bir marta foydalanishga ruxsat etiladi. Ikkinchi marta metrodan foydalanganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.
Kengash qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan transport kartalarining tariflarini ham belgilagan. Unga koʻra, avtobusda harakatlanish uchun bir kunlik karta narxi 11 ming 500 soʻm, 30 kunlik qiymat 250 ming soʻm. Metroda kunlik tarif 13 ming 500 soʻm, oylik narx 345 ming soʻmni tashkil etadi.
Avvalroq Transport vazirligi yo'l haqqi oshishi nimlarga foyda bo'lishini aytib o'tgandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92813 | Инструменты