2024-yil 29-oktabr kuni Senatda “Mo‘g‘uliston-O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi raisi S.Erdenebat boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida tomonlar “Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi o‘zaro hamkorlikni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratib, O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida qayd etildi.
S.Erdenebat Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va hududiy vakillik organlariga saylovlar yuqori saviyada tashkil etilganini taʼkidlab, saylov jarayonining barcha bosqichlari shaffof, ochiq va xolis o‘tganini, xalqaro demokratik standartlarga muvofiq bo‘lganini taʼkidladi.
Parlament saylovi yangilangan Konstitutsiya asosida mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilgani taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, “Mo‘g‘uliston – O‘zbekiston” parlamentlararo guruhi doirasidagi hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, keng hamkorlik uchun aniq tadbirlar rejasini ishlab chiqish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 103013 | Инструменты