Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.
Xususiylashtirish dasturiga asosan 2025-yilda Xorazmda 41 ta davlat binosi, 350 gektar yer uchastkasi savdoga qo‘yilmoqda.
“Bu xizmat ko‘rsatish, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun katta imkoniyat”, - dedi davlat rahbari.
Masalan, Urganch shahridagi o‘rganishlar natijasida 61 ming kvadrat maydoni, 21 gektar yeri bo‘lgan 45 ta davlat binosi aniqlandi. Ular negizida mehmonxona, xizmat ko‘rsatish va savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar qurib, kamida 500 kishini band qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Xiva shahrida faqat turistlarga xizmat ko‘rsatadigan obyektlar bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Angarik mahallasidagi bo‘sh maydonda maʼmuriy binolar qurilib, Xiva shahridagi barcha davlat tashkilotlari shu yerga ko‘chiriladi.
Mutasaddilarga Urganch, Xivadagi barcha maʼmuriy binolarni savdoga chiqarish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqish topshirildi.
So‘nggi sakkiz yilda Xorazmda mebel sanoati 3 karra o‘sgani taʼkidlandi. O‘tgan yili 311 ta korxona qariyb 300 milliard so‘mlik mebel ishlab chiqardi. Mebelchilikka ixtisoslashgan 9 ta mahallada 2 mingdan ortiq aholi band.
Xonqadagi 10 gektar yerda “Mebelchilik zonasi” tashkil etildi, 5 ta mahalladagi mebelchilar ushbu zonaga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda ustoz-shogird amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 3 qavatli o‘quv binosi ham qurildi.
Mebelchilik maktabi uchun xorijdan dizayner, marketolog, injener-texnolog olib kelish topshirildi.
Mebel korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun chetdan yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda yiliga 16 ming yangi oila paydo bo‘layapti, 7 mingdan ziyod xonadon qurilayapti, yana shunchasi taʼmirdan chiqarilayapti. Shu munosabat bilan mahalliy mebelchilarni yangi qurilayotgan uy egalari va developerlar bilan bog‘laydigan tizim yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50408 | Инструменты