Navoiy viloyatining sobiq hokimi Bahriddin Ro‘ziyev vafot etdi

Davlat va jamoat arbobi, Navoiy viloyatining sobiq hokimi, mehnat faxriysi Bahriddin Murtazayevich Ro‘ziyev 11-noyabr kuni 76 yoshida vafot etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bahriddin Ro‘ziyev 1950-yil 23-avgustda Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida tug‘ilgan. O‘rta maktabni tamomlagach, mehnat faoliyatini Karmana tumani yo‘l qurilishi birlashmasida avtochilangar sifatida boshlagan. Ishlab chiqarishdan ajralmagan holda Toshkent politexnika institutida muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan, keyinchalik Moskva ijtimoiy fanlar akademiyasini tamomlagan.

U ko‘p yillar davomida Navoiy viloyatidagi yoshlar tashkilotlari va turli boshqaruv idoralarida mas’ul lavozimlarda ishlagan. Mustaqillikning dastlabki yillarida viloyat gazlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, hududiy kommunal foydalanish boshqarmasi boshlig‘i hamda Konimex tumani hokimi vazifalarida faoliyat yuritgan.

2002-yildan 2008-yilning dekabriga qadar Bahriddin Ro‘ziyev Navoiy viloyati hokimi bo‘lib ishlagan. U viloyatga rahbarlik qilgan davrda hudud sanoati va ishlab chiqarishini kengaytirish, fermerlik harakatini shakllantirish, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini tashkil etish hamda Navoiy xalqaro aeroporti negizida xalqaro logistika markazini barpo etish ishlarida faol ishtirok etgan. So‘nggi yillarda faxriylar tashkiloti a’zosi sifatida jamoat ishlarida qatnashib kelgan.

Uning vafoti munosabati bilan prezident hamdardlik bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111214 | Инструменты