Neft-kimyo klasteri ishga tushirilsa, Buxoro sanoati uchun 4,5 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Viloyatda elektrotexnika, zargarlik, qurilish materiallari, konchilik, yo‘l qurilishi, mehmonxona sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalarni tezlashtirish, investorlarga har tomonlama ko‘maklashish zarurligi qayd etildi.

Buxoro tumanida qurilishi boshlangan neft-kimyo klasteri ishga tushirilsa:

- import bo‘layotgan benzol, olefin, aromatik uglevodorod, naftadan pentan va geksan eritgichlari ishlab chiqariladi;

- viloyat sanoatiga 4,5 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat va 600 ta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi;

- eksport 130 million dollarga oshib, yiliga 300 milliard so‘m soliq tushumi paydo bo‘ladi.

Yana bir masala – Buxorodagi 205 ming gektar yerni sug‘orish uchun 50 ta nasos stansiya yiliga 1,5 million kilovatt-soat elektr sarflamoqda. Ular energotejamkor, zamonaviy nasoslarga almashtirilsa, yiliga kamida 400 milliard so‘m iqtisod bo‘ladi.

Viloyatdagi 89 ta sanoat korxonasi davlat tashkilotlariga Kooperatsiya portali orqali mahsulot yetkazib berayotgani - bu juda kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, portalda Vobkentdan birorta korxona qatnashmagan, Olot va Peshkudan – 1 tadan, Jondor va Buxoro tumanidan – 2 tadan korxona ishtirok etgan.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga Kooperatsiya portalida haqiqiy ishlab chiqaruvchilar qatnashadigan tartib qilish, ishlab chiqaruvchilarning davlat xarididagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50721 | Инструменты