Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi lavozimidan ozod etildi

O‘zbekistonning Shvetsiya qirolligidagi Favqulodda va muxtor elchisi bo‘lib ishlab kelayotgan Nodir G‘aniyev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi

Qayd etish joizki, O‘zbekistonning Stokgolmdagi diplomatik vakolatxonasi 2022-yilda ochilgan va u mamlakatning xorijiy davlatlardagi 36-elchixonasi bo‘lgan. O‘shanda Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiya qirolligidagi Muvaqqat ishlar vakili etib tayinlangan. 2023 yilda esa G‘aniyev O‘zbekistonning Shvetsiyadagi birinchi Favqulodda va muxtor elchisi sifatida ish boshladi. Shu yilning noyabr oyida u Stokgolm shahrida Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustavga ishonch yorliqlarini topshirdi. 

Ma’lumot uchun, 53 yoshli diplomat Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning sharqshunoslik fakultetini tamomlagan. U 1994 yildan buyon Tashqi ishlar vazirligi tizimida faoliyat yuritib, markaziy apparat va mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida turli lavozimlarda ishlagan.

G‘aniyev Shvetsiyaga jo‘nab ketishidan oldin TIVning Yevropa davlatlari va Yevropa Ittifoqi institutlari bilan hamkorlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan. U ingliz, arab, rus va fransuz tillarini biladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70402 | Инструменты