Qishloq xo'jaligi ekinlari hosilini sug'urtalashda sug'urta mukofotining bir qismi uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi

Hukumat Qarori (373-son, 02.07.2024 y.) bilan “Qishloq xo'jaligi subyektlariga qishloq xo'jaligi ekinlari hosilini sug'urtalashda sug'urta mukofoti uchun to'lov xarajatlarining bir qismini qoplash tartibi to'g'risida”gi nizom tasdiqlandi.

Unga ko'ra, qishloq xo'jaligi subyektlariga qishloq xo'jaligi ekinlari hosilini sug'urtalashda sug'urta mukofoti uchun to'lov xarajatlarining 50 foizini, biroq sug'urta summasining 4 foizidan ko'p bo'lmagan qismini qoplash uchun budjetdan subsidiya ajratish tartibi belgilandi.

Sug'urta qildiruvchi subsidiya olish maqsadida “Agroplatforma” ATda ro'yxatdan o'tadi va quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladi:

— sug'urta shartnomasi;
—  sug'urta polisi;
—  sug'urta shartnomasida qayd etilgan sug'urta mukofotining to'liq to'langanligini tasdiqlovchi to'lov topshiriqnomasi va hisob-faktura.

Sug'urta qilish nazarda tutilgan sug'urta qildiruvchining qishloq xo'jaligi ekinlari “CropAgro” ATga elektron joylashtirilgan bo'lishi lozim.

Qishloq xo'jaligi vazirligi 3 ish kuni ichida subsidiya ajratish yoki ajratmaslik yuzasidan xulosani tayyorlaydi va tasdiqlaydi.

Subsidiya ajratishni rad etish uchun quyidagilar asos bo'ladi:

—  sug'urta qildiruvchining o'z arizasiga asosan;
—  belgilangan hujjatlar to'liq taqdim etilmaganda;
—  sug'urta qildiruvchi tomonidan soxta hujjatlar, noto'g'ri yoki yolg'on ma'lumotlar taqdim etilganda;
—  qishloq xo'jaligi subyekti tugatilganda.

Sug'urta qildiruvchiga subsidiya ajratishni boshqa asoslar bilan rad etishga yo'l qo'yilmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70616 | Инструменты