Senat reproduktiv salomatlik bo‘yicha shtablarni rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan deb baholadi

Oliy Majlis Senati kengashi majlisida reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati muhokama qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish yo‘nalishida 17 mln nafardan ortiq ayollarga (9,2 mln nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollar) 22,3 mingta o‘ringa ega 230 ta tug‘uruq muassasasi va 18 yoshgacha bo‘lgan 11 mln nafar bolalarga 13,3 mingta o‘ringa ega 245 ta pediatriya muassasasi xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Joylardagi birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida tasdiqlangan tarmoq reja asosida 2024-yil 5 oyi davomida 9,2 mln nafardan ziyod tug‘ish yoshidagi ayollarning 4,3 mln nafari (46,0 foiz) tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 1,4 mln nafarida (33,0 foiz) ekstragenital kasalliklar aniqlangan va 877,5 ming nafari (90,9 foiz) ambulator hamda 102,2 ming nafari (10,1 foiz) statsionar sharoitda sog‘lomlashtirilgan.

Majlisda amalga oshirilgan ishlar bilan birga Senatning hududlarda o‘rganishlari davomida aniqlangan kamchiliklarga ham eʼtibor qaratildi.

Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalik masalalari bo‘yicha respublika shtabi va 14 ta hududiy shtab faoliyatini tashkil etish belgilangan. Biroq shtablar faoliyati rasmiyatchilik uchun tashkil etilgan bo‘lib, faqatgina hududlardan statistik maʼlumotlarni yig‘ish va yuqori turuvchi shtabga taqdim etish bilan band bo‘lib qolgan.

Sog‘liqni saqlash tizimining tug‘uruqqa ko‘maklashuvchi muassasalarida homiladorlarni kuzatish hamda tug‘uruq jarayonlarida mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan klinik bayonnoma va standartlarga to‘liq rioya qilinmagani hamda ularning malakasi yetarli emasligi sababli onalar o‘limi ko‘rsatkichi o‘rganilgan hududlarning barchasida oshgan.

Homilador ayol to‘liq prenatal skriningdan o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha 2023-yilda hisobga olingan jami homilador ayollarning bor-yo‘g‘i 46,9 foizi (43,9 mingdan 20,5 ming nafari) I trimestrda (homiladorlikning 11-13,6 haftasi) prenatal skriningdan o‘tkazilgan. Sirdaryo viloyatida bu ko‘rsatkich 31,4 foizni, Qashqadaryo viloyatida 37,7 foizni tashkil qilgan, xolos.

Prezident qarori bilan tasdiqlangan 2022—2026-yillarda onalik va bolalikni muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarining 46 ta tug‘uruq bo‘limi negizida tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash hamda moddiy-texnika bazasini mustahkamlash  vazifalari belgilangan.Biroq tashkil etilgan ayrim tumanlararo perinatal markazlar infratuzilmasini yaxshilash choralari ko‘rilmagan hamda zarur jihozlar bilan taʼminlanmagan.


Homilador, tug‘uvchi, tuqqan ayollar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam sifatini yaxshilash maqsadida respublikadagi tug‘uruqqa yordam beruvchi muassasalarning moddiy-texnika bazasini xalqaro standartlarga muvofiq mustahkamlash va ularni zarur dori vositalari bilan taʼminlash masalasi to‘liq bajarilmagan.

Muhokama jarayonida tug‘uruq muassasalarida onalar va go‘daklar o‘limini kamaytirish, tug‘ruq yoshidagi ayollar tibbiy ko‘rigini sifatli tashkil etish, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilish yuzasidan qatʼiy choralar belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70616 | Инструменты