O‘zbekiston elchisi Kanada General-gubernatoriga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekistonning Kanadadagi elchisi (qarorgohi Vashington shahrida) Furqat Sidiqov Kanada General-gubernatori Meri Simonga ishonch yorliqlarini topshirdi

Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Kanada General-gubernatori O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlar, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlardan yaxshi xabardor ekanini taʼkidladi. Uning aytishicha, bu saʼy-harakatlar Kanada hukumati tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanadi va ikki tomonlama munosabatlar ko‘lamini kengaytirish uchun zamin yaratadi.

O‘zbekiston va Kanada iqtisodiyoti o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun katta salohiyatga ega ekani bildirildi. Shu nuqtai nazardan, doimiy ravishda o‘zaro iqtisodiy tashriflar va savdo missiyalari almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Eslatib o‘tamiz, Furqat Sidiqov 2023 yilning may oyida O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi sifatida Prezident Jo Baydenga ishonch yorliqlarini topshirgan edi. Shuningdek, u oktyabr oyida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirgan. Shu tariqa, O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Braziliya va Kanadada ham mamlakatimizning rasmiy vakili hisoblanadi.

Avval O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan Furqat Sidiqov 53 yoshda. U 1993 yilda Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan. Mehnat faoliyati davomida “O‘zDeuElektroniks” QK, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ishlagan. 2002 yildan beri TIV tizimida turli lavozimlarda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida, Pokistondagi elchi, vazirning o‘rinbosari va birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Furqat Sidiqov 2017-2023 yillarda O‘zbekistonning AQSH, shuningdek, o‘rindoshlik asosida Kanada va Braziliyadagi elchisi bo‘lib ishlagan Javlon Vaxobov o‘rniga tayinlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70403 | Инструменты