Huawei 1
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar saylovda ovoz berdi

Bugun, 27 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari saylovida qatnashib, munosib nomzodlarga ovoz berdi.

Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan 576-saylov uchastkasiga kelib, ovoz berish jarayonida qatnashdilar. 

Shundan so‘ng Muftiy hazratlari ushbu uchastka mutasaddilari, nuroniylar va ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan suhbat qurib, ovoz berish jarayonlari haqida quyidagi fikr-mulohazalarini bildirlar:

– Alloh taologa shukrki, bugun tarixiy voqeada ishtirok etish baxtiga muyassar bo‘ldik. U ham bo‘lsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga ovoz berish kunidir. Men ham mana shunday bir yurtning fuqarosi sifatida ovoz berishda ishtirok etdim. Biz ham ona Vatan taraqqiyoti, yurt tinchligi va xalq farovonligiga hissa qo‘shadigan, munosib nomzodlarga yaxshi niyat ila ovoz berdik. 

Saylov uchastkalarida ovoz berish uchun barcha sharoitlar hozirlangani barchani mamnun etmoqda. Islom manbalarida saylash va saylanish haqida ham bayon etilgan, xalq jamiyat boshqaruvida ishtirok etadigan o‘z vakillarini saylab olishi zarurdir. Shu bois ham davlat va jamiyat taraqqiyoti, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, yoshlarni ilm-maʼrifatli qilishga hissa qo‘shadigan munosib nomzodlarni tanlash va saylash – o‘ta muhim masaladir. 

Taʼkidlash joizki, bugungi ovoz berish jarayonlarida diniy soha xodimlari, ulamolar, imom-xatiblar, otinoyilar va mudarrislar ham faol ishtirok etib, barchaga namuna bo‘lmoqdalar. Zero, saylovchilar faolligi millat hamjihatligini, o‘z kelajagiga bo‘lgan ishonchni, olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlanishini yaqqol namoyon etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102716 | Инструменты