Huawei 1
O‘zbekiston prezidenti Xalqaro dzyudo federatsiyasi bilan sheriklikni yanada kengaytirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevral kuni nufuzli "Katta dubulg‘a" xalqaro turniri doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerni qabul qildi.

Mazkur yirik sport tashkiloti bilan mamlakatimizda dzyudo maktabini rivojlantirish va ushbu yakkakurash turini ommalashtirish borasidagi samarali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston xalqaro federatsiya faoliyatida faol ishtirok etmoqda. 2022-yilda mamlakatimizda kattalar o‘rtasida jahon chempionati, o‘tgan yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida jahon birinchiligi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Parij shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova O‘zbekiston tarixida ilk bor dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Federatsiya rahbari Marius Vizer mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va sportning barcha turlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlar, ayniqsa, qizlarni keng jalb etish, zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Uchrashuvda sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlashda federatsiyaning texnik ko‘magi va ekspert yordamini kengaytirish, iqtidorlarni saralashning samarali mexanizmini joriy qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz hududlarida dzyudo bo‘yicha xalqaro musobaqalarni muntazam o‘tkazib borish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti milliy dzyudo maktabini rivojlantirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun Xalqaro dzyudo federatsiyasi rahbari Marius Vizerga davlatimizning yuksak mukofoti - "Do‘stlik" ordenini topshirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22800 | Инструменты