Huawei 1
O‘zbekiston TIV rahbari yahudiy ravvinning o‘limi yuzasidan hamdardlik bildirdi

26 noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov TIV binosida Isroilning O‘zbekistondagi elchisi Gideon Lustig bilan uchrashdi va Birlashgan Arab Amirliklari hududida yahudiy ravvin Svi Koganning o‘ldirib ketilgani yuzasidan hamdardlik bildirdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lum qildi.

“Svi Koganning vafoti munosabati bilan chuqur hamdardlik bildirdik. O‘zbekiston xalqi barcha din va elat vakillariga azaldan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. Biz millatchilikning hech qanday ko‘rinishiga toqat qilmaganmiz va bundan keyin ham toqat qilmaymiz”, deb yozdi Saidov.

Vazirning qayd etishicha, terrorizm va ekstremizmning chegarasi va millati yo‘q. O‘zbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Birlashgan Arab Amirliklari Isroil va Moldova fuqarosi bo‘lgan ravvin Svi Koganning o‘ldirilishiga aloqadorlikda gumonlanib, hibsga olingan uch kishi O‘zbekiston fuqarolari ekanini tasdiqlagandi. O‘zbekistonning Dubaydagi bosh konsulxonasi hamda Abu-Dabidagi elchixonasi Birlashgan Arab Amirliklari Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib, mazkur masala yuzasidan oydinlik kiritish maqsadida tegishli ishlar olib borayotganini bildirdi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112616 | Инструменты