Huawei 1
O‘zbekiston va Ozarbayjon: barqaror ekologik hamkorlik yo‘lida

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanib, global iqlim muammolari sharoitida mintaqaviy o‘zaro aloqalarning muvaffaqiyatli namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. So‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik yangi strategik bosqichga ko‘tarilib, ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarni qamrab olmoqda.

O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ekologik hamkorlikning asosini 2008-yil 11-sentabr kuni Boku shahrida imzolangan Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim tashkil etadi. Hozirda mazkur yo‘nalishda huquqiy asosni kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni tizimli amalga oshirishga xizmat qiluvchi yangi Hukumatlararo bitim loyihasi ishlab chiqilmoqda.

O‘tgan yillar davomida hamkorlik doirasida MDH, IHT va TDT kabi xalqaro maydonlardagi konferensiyalar orqali tajriba almashinuvi faol yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayon yuqori darajadagi vazirlik uchrashuvlari, delegatsiyalar almashinuvi hamda xalqaro forumlarda birgalikdagi ishtirok bilan mustahkamlanmoqda.

2023–2024-yillar davomida O‘zbekiston va Ozarbayjon vakillari bir qator muhim iqlim tadbirlarida ishtirok etdilar. Ayniqsa, Boku shahrida 2024-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi ishtirokchi davlatlarining 29-sessiyasi (COP29) muhim ahamiyat kasb etdi. Aynan ushbu anjumanda Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasida atrof-muhit bo‘yicha ilk vazirlar uchrashuvi o‘tkazildi. Ushbu tashabbus Shusha shahridagi norasmiy sammitda ilgari surilgan bo‘lib, uchrashuv yakunida ekologiya sohasidagi hamkorlikni kuchaytirishga doir deklaratsiya imzolandi.

Bundan tashqari, COP29 doirasida Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz davlatlari ko‘magida Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan “Muzliklardan fermalargacha” (Glaciers to Farms) nomli mintaqaviy dastur ishga tushirildi. Ushbu tashabbus suv resurslari va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishga 3,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya yo‘naltirishni nazarda tutadi. 

Yoshlar va ta’lim sohasidagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash ham muhim yo‘nalishlardan biriga aylandi. 2023–2024-yillarda ozarbayjonlik yosh ekolog-aktivistlar Samarqandda o‘tkazilgan Xalqaro ekologik oromgohda ishtirok etdilar. “Zamin” fondi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir UNICEF, BMTTD, FAO kabi xalqaro tashkilotlar ishtirokida bo‘lib o‘tdi hamda madaniyatlararo muloqot va yangi avlodning ekologik ongini shakllantirishga xizmat qildi.

2024-yil sentabr oyida Ozarbayjon Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi matbuot kotibi I. Ibrohimova boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi ham e’tiborga molik bo‘ldi. Tashrif doirasida I O‘zbekiston–Ozarbayjon mediaforumi o‘tkazilib, mehmonlar Ekologiya vazirligi axborot xizmati faoliyati bilan tanishdilar va ekologik ma’lumotlar bilan ishlash, dezinformatsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashdilar.

Ozarbayjon Prezidenti iqlim o‘zgarishi masalalari bo‘yicha maxsus vakilining Samarqand iqlim forumida ishtiroki alohida ahamiyatga ega bo‘lib, ikki davlat o‘rtasida iqlim sohasidagi muloqotni yanada mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan navbatdagi qadamga aylandi.

Hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun istiqbolli yo‘nalishlar belgilandi, bu yo‘nalishlar yashil shaharsozlikni rivojlantirish, soha bo‘yicha ta’lim muassasalari asosida ilmiy tadqiqotlarni almashish, yangi hukumatlararo kelishuvni imzolash orqali hamkorlikni rasmiylashtirish va ishchi guruh tashkil etish kabilarni qamrab oladi.

O‘zbekiston va Ozarbayjonning ekologiya va iqlim o‘zgarishi sohasidagi hamkorligi nafaqat ikki davlat, balki butun mintaqa uchun barqaror taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda. Iqlim diplomatiyasi, ilmiy hamkorlik, ekologik ma’rifat va xalqaro tashabbuslarda birgalikda qatnashish kelajak avlodlar uchun tabiiy muhitni saqlab qolish va ekologik xavfsizlikni ta’minlash yo‘lida ishonchli poydevor yaratmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82614 | Инструменты