O‘zbekistonda genderga yo‘naltirilgan siyosat va byudjetlarni (shartli ravishda GYB) ilgari surish bo‘yicha yangi loyiha boshlandi, deb xabar berdi Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi delegatsiyasi matbuot xizmati. Uni “BMT-ayollar” tuzilmasi O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiradi, moliyalashtirish esa YEI tomonidan taqdim etiladi.
Loyiha gender tengligi tamoyillarini rejalashtirish, byudjetlashtirish va milliy strategiyalarni ishlab chiqish jarayonlariga kiritishga qaratilgan.
GYB ayollar, qizlar va aholining zaif qatlamlari ehtiyojlarini hisobga olgan holda davlat resurslarini yana-da adolatli taqsimlash vositasiga aylanishi kutilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tajriba-sinov idorasi bo‘lib, kelgusi ikki yil ichida milliy va mahalliy miqyosda GYBni o‘qitish va joriy etish davom ettiriladi. 2024 yil oktyabr oyida “BMT-ayollar” 30 nafar davlat xizmatchisini GYB bo‘yicha malakasini oshirish uchun o‘qitishni boshlagandi.
Tashabbus chuqur ildiz otgan tarkibiy to‘siqlarni, jumladan, ayollarning yer va mulkka egalik qilishining cheklangani, kambag‘allikning yuqori darajasi va iqtisodiyotning yuqori daromadli tarmoqlarida ayollar vakilligining yetarli emasligini bartaraf etishga qaratilgan, deyiladi xabarda.
«Rejalashtirish va byudjetlashtirish jarayonlarimizga gender tahlilini joriy etish orqali biz jamiyatimizning turli ehtiyojlariga javob beradigan va hech kim eʼtibordan chetda qolmasligini taʼminlaydigan yana-da samarali hukumatni yaratamiz. GYB bizga yana-da shaffof, inklyuziv va natijaga yo‘naltirilgan moliyalashtirishni taʼminlashga yordam beradi», — dedi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjet siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Ishanqulov.
«Genderga yo‘naltirilgan byudjetlashtirish ayollar va qizlarga davlat xizmatlari, iqtisodiy imkoniyatlar va qarorlar qabul qilish jarayonlaridan teng foydalanishni taʼminlash orqali gender tengsizligini bartaraf etish uchun resurslarni taqsimlashga yordam beradi», — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.
«O‘zbekiston gender tenglikni taʼminlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish yo‘lida qudratli qadam tashladi. Ushbu loyiha davlat resurslari gender tafovutlarini bartaraf etish va eng ko‘p ortda qolayotganlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilishini taʼminlash orqali hisobdorlikni mustahkamlaydi», — dedi “BMT-ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori o‘rinbosari Eliza Fernandes Sayens.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53106 | Инструменты