Huawei 1
Orol tuprog‘ining meliorativ holatini yaxshilash va innovatsion yechimlarga e'tibor qaratildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib o‘tgan “Orolbo‘yi ezgu niyat elchilari” xalqaro konferensiyasida mutaxassislar tomonidan Orol hududidagi vaziyatni yumshatish borasidagi innovatsion yechimlar, qum-chang bo‘ronlari va tuproq holatini yaxshilashga ham e'tibor qaratildi.

Xalqaro Orol turizmi haftaligi doirasida o‘tkazilgan konferensiyada Iqlim oʻzgarishi milliy markazi mutaxassisi Charlz Norman iqlim oʻzgarishi sharoitida Orolboʻyi hududini mintaqaviy rivojlantirish boʻyicha kompleks yondashuvlarni taqdim etdi. U Orol muammosi, agar o‘z vaqtida chora ko‘rilmasa, yaqin kelajakda yanada salbiy oqibatlarga sabab bo‘lishini, shuning uchun bugungi kunda vaziyatni yaxshilash, mintaqani innovatsiyalar, barqarorlik va imkoniyatlar markaziga aylantirish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotganligini ta'kidladi. Galofit bog‘lari, "Green University" va ko‘plab loyihalar Orol dengizi fojiasining salbiy oqibatlarini yumshatishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. U Milliy markazning iqlimni rejalashtirish va siyosatiga yondashuvi, shuningdek, “Yashil shaharlar” loyihasining asosini tashkil etgan iqlim inqirozi va Orol dengizi bilan bog‘liq umumiy muammolarni aytib o‘tdi.

Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, qishloq xoʻjalik fanlari nomzodi Salimjon Bo‘riyev “Orolboʻyi mintaqasida qum-chang bo‘ronlarining shakllanishi va tarqalishini modellashtirish” mavzusidagi tadqiqot ishini taqdim etdi. Modellashtirish qum-chang bo‘ronlarining oldini olishda yanada samarali chora-tadbirlar ko‘rishga imkon beradi.

Kuzatuv natijalariga ko‘ra, uzoq davomiylikka ega qum bo‘ronlari, asosan, bahor va yoz faslida ko‘tariladi, bunday bo‘ronlarning eng qisqa davomiyligi yiliga 66 foiz holatda 3 soatga, 21 foiz holatda 3-6 soat, 11 foiz holatda esa 6-12 soatni tashkil etishi ma'lum bo‘ldi. 

Konferensiyada, shuningdek, Toshkent davlat agrar universiteti professori, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori Saydali Turdiyev "Orolboʻyi mintaqasi sharoitida sharq jiydasining yangi yaratilgan "Toshkent-16" va "Samarqand-7" navlarini iqlimlashtirish” mavzusiga e'tibor qaratdi. U sharq jiydasidan dunyoning ko‘plab davlatlarida qadimdan oziq-ovqat resursi sifatida foydalanilganiga e'tibor qaratdi.

Mutaxassis Qoraqalpogʻiston hududlarida nega aynan jiyda ekilayotganligiga oydinlik kiritdi. Uning fikricha, jiyda ildizlarida azotni o‘zlashtiruvchi mikoriza hosil qiluvchi tuganak bakteriyalar mavjud. Bu esa Orolbo‘yi mintaqasi yerlarining meliorativ holatini yaxshilashga xizmat qiladi. Qolaversa, bioxilma-xillikni oshirish, ekologik muvozanatni barqarorlashtirish hamda barcha fauna vakillari uchun ozuqa zanjirini yaratishni ta'minlaydi.

Ma'lumot uchun, Orolbo‘yi mintaqasi sharoitida sharq jiydasining "Toshkent-16" va "Samarqand-7" navlaridan bir yillik standart koʻchatlar vegetativ yo'l bilan tayyorlandi va tayyor koʻchatlar soni jami 5800 tupga yetdi. Onalik plantatsiyalar va ihotazorlarga ekilgan yer maydonlari 10,65 gektarni tashkil qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42220 | Инструменты