Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Janubiy Koreyada o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-jangovar tayyorgarlik musobaqasida ishtirok etib, g‘alaba bilan O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.
Musobaqada AQSh, Ozarbayjon, Avstraliya, Polsha va boshqa mamlakatlarning jami 12 ta jamoasidan qariyb 500 nafar ishtirokchi kuch sinashdi. Musobaqa jarayonlarini Turkiya, Meksika, Filippin, Malayziya kabi 8 ta davlat harbiylari kuzatib bordi.
Ishtirokchilar dastlab tog‘li, o‘rmonli va shahar hududlarida jangovar harakatlarni olib borish shartlarini bajardi. Keyin esa uchala hudud sharoitida bir vaqtning o‘zida jang olib borish bosqichida kuch sinashdi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston harbiylari musobaqaning bir qator shartlarida rekord natijalar qayd etgan.
Jumladan, tog‘li hududda mudofaada turgan shartli dushman kuchlari talafotlarsiz to‘liq yo‘q qilingan va 7 ta bayroq qo‘lga kiritilgan. Vazirlik ta’kidlashicha, bu natijaga shu kunga qadar biror jamoa erisha olmagan.
Shahar sharoitidagi jang shartlarida ham O‘zbekiston jamoasi mudofaada turgan shartli dushmanga hujum qilib, barcha obyektlar va 7 ta bayroqni qo‘lga kiritgan. Bu natija ham avval hech bir jamoa tomonidan qayd etilmagan.
Shuningdek, shahar sharoitida mudofaa obyektlarini ushlab turish shartida O‘zbekiston jamoasi birorta harbiy xizmatchisini yo‘qotmagan holda 7 ta obyekt va barcha bayroqlarni qo‘lga kiritib, rekordni yangilagan.
Musobaqaning umumiy natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 316 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan. Kambodja 212 ball bilan ikkinchi, mezbon Janubiy Koreya jamoasi esa 192 ball bilan uchinchi o‘rinni olgan.
O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar Islam Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tantanali kutib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92113 | Инструменты