“Postlar AQShga qaratilgan edi”: Eron TIV vakili Samarqandga oid postlar bo‘yicha munosabat bildirdi

Eron Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ismoil Baqoiy Samarqandning tarixiy merosiga oid postlar atrofidagi vaziyat yuzasidan munosabat bildirdi. Bu haqda Eronning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.

Ismoil Baqoiyning ta’kidlashicha, ayrim elchixonalar tomonidan e’lon qilingan postlar aslida AQSh tomoniga murojaat sifatida tayyorlangan.

“Eron va O‘zbekistonni bir-biriga bog‘lab turuvchi rishtalar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgan emas. Biz O‘zbekiston bilan munosabatlarimizga katta ahamiyat beramiz”, — dedi Eron TIV vakili.

Shuningdek, u qo‘shni mamlakatlarning turli hududlarida va undan ham kengroq makonda mavjud bo‘lgan mushtarak meros xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni davom ettirish hamda mustahkamlash uchun zamin bo‘lib xizmat qilishiga aminligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning xorijiy diplomatik vakolatxonalari tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida Samarqanddagi obidalar “eron-islom sivilizatsiyasi”ga mansub deb atalgani ortidan O‘zbekiston TIV Eron elchisini chaqirtirib, norozilik notasi topshirgan va postlarni o‘chirishni talab qilgan edi. Ushbu talabdan so‘ng tegishli publikatsiyalar tarmoqdan o‘chirib tashlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102814 | Инструменты