Huawei 1
Prezident Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi

Davlat rahbari Hukumat faoliyatining eng muhim yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Avvalo, makroiqtisodiy muvozanatni saqlab, kelgusi besh yilda iqtisodiy o‘sish surʼatini 6-7 foiz atrofida taʼminlash zarur. Bunda inflyatsiya darajasi 5-6 foiz, byudjet taqchilligi 3 foiz doirasida bo‘lishiga erishish, yillik kreditlash hajmini 30 milliard dollarga olib chiqish asosiy vazifa bo‘ladi.

Ushbu davrda Hukumat kamida 100 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishga hamda yillik eksport hajmini 45 milliard dollarga olib chiqib, unda tayyor mahsulotlar ulushini 50 foizga yetkazishga erishishi lozimligi taʼkidlandi.

Xorijiy turistlar oqimini 5 yilda 15 million nafarga, turizm xizmatlari eksportini 5 milliard dollarga olib chiqish uchun barcha imkoniyatlar borligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga norasmiy iqtisodiyotni “soyadan chiqarish”da raqamli texnologiyalarni tayanch vositaga aylantirish lozim. Xususan, kelgusi yilda naqd pulsiz hisob-kitoblarni yana-da rag‘batlantirib, onlayn to‘lovlar ulushini 60 foizga yetkazish muhim vazifa bo‘ladi.

Jahon savdo tashkiloti bilan hamkorlik doirasida asosiy chora-tadbirlar amalga oshirilgani va yaqin yillarda ushbu tashkilotga albatta aʼzo bo‘lib kirishimiz taʼkidlandi.

Bu yil Sayxunobod, Uychi, Zarbdor, G‘ijduvon tumanlarida amalga oshirilgan ishlarning ijobiy natijalari asosida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” kompleks dasturi qabul qilingan edi.

Endilikda ko‘p qirrali yondashuvlar asosida kambag‘al oilalarning aʼzolariga sifatli taʼlim berish, ularni kasbga o‘qitish, ish bilan taʼminlash, sog‘lig‘ini yaxshilash, psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha individual ko‘mak berish paketlari bo‘lishi belgilandi.

2025 yilda 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish Vazirlar Mahkamasi iqtisodiy kompleksining asosiy vazifasi etib belgilanadi.

Shu maqsadda kambag‘al oilalar bolalari maktablarda chet tili, kasb-hunar va IT bo‘yicha bepul bilim olishi uchun 500 milliard so‘m ajratiladi. Ijtimoiy ahvoli og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilmani yaxshilash dasturi amalga oshiriladi. Bunga 2 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

Kambag‘allikni qisqartirish va aholi farovonligini oshirishga jami 46,5 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi.

Hukumat 2030 yilgacha ishsizlikni xalqaro eʼtirof etilgan daraja – 5-6 foizdan oshirmaslik bo‘yicha dolzarb vazifalarni ham samarali hal etishi lozimligi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112014 | Инструменты