Huawei 1
Prezident: Korrupsiyani oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo'lib o'tmoqda.

Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash lozimligi taʼkidlandi.

Mutasaddilarga bunday investitsiya loyihalarida xalqaro korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etish, yirik auksion shartlarini raqobatdoshlik ekspertizasidan o‘tkazishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Shuningdek, “Shaffof qurilish” platformasi qamrovi oshirilishi, xalqaro tashkilotlar loyihalariga ham bosqichma-bosqich joriy qilinishi belgilandi.

Bu ishlar xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi qurilishlarda subpudratchilarni yollash va 1 million dollargacha bo‘lgan loyihalardan boshlanadi.

“Korrupsiyani oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi”, - dedi Prezident.

Kadrlarni o‘qitish, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasining yetakchi sifatidagi roli sezilmayotgani qayd etildi.

Kadrlarni baholashda eski namunadagi “obyektivka”dan voz kechib, ilg‘or IT texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi belgilandi.

Lavozimga qo‘yishda xodimning qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘ladi. Bu borada nomzodning kamchiliklari bilan birga yaxshi taraflarini ham xolisona aytish kerak.

Bundan buyon mahallada odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan yoshlar orasidan rahbar kadrlar tanlab olinishi kerakligi taʼkidlandi.

Ishga qabul qilishni ochiq va shaffof o‘tkazish, davlat xizmatchilari reyestrini belgilash, kadrlarni korrupsiyaga moyilligini o‘rganish bo‘yicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30602 | Инструменты