Huawei 1
Prezident Navoiy — Buxoro tezyurar temiryo‘lini 2025 yil oxirigacha qurib bitkazishni topshirdi

Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni temiryo‘l sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot bilan tanishgandi. Unda masʼullarga Navoiy — Buxoro tezyurar temiryo‘lini 2025 yil oxirigacha qurib bitkazish topshirilgan. Bu haqda «O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisi Zufar Narzullayev xabar qildi.

Shuningdek, Nukus — Miskin temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish, Toshkent — Parkent temir yo‘li qurilishini yakunlash va 1 sentyabrga qadar Toshkent — Urgut temir yo‘l uchastkasini qurish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

«Bizning manyovr teplovozlari parki 91 foizga eskirgan. Prezident kelajakda Xitoyning CRRC kompaniyasi bilan 50 ta manyovr teplovozlarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolash bo‘yicha topshiriq berdi. Bundan tashqari, joriy yilda «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga 8 ta yangi teplovoz va 4 ta yangi elektrovoz yetkazib beriladi», — dedi u.

Boshqa topshiriqlar qatorida — raqamlashtirish, kadrlar tayyorlash va dual taʼlim tizimi, transport muassasalari bilan birgalikda qo‘shimcha loyihalar.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov yangi xalqaro transport yo‘laklarini mustahkamlash bo‘yicha topshiriq berganini maʼlum qildi. Xitoydan Yevropaga yetkazib berishni multimodal yuk tashish orqali rivojlantirish rejalashtirilgan.

«Bu Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Turkmaniston yo‘nalishi. Keyin Turkmaniston orqali Eronga yoki Kaspiy dengizi orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga chiqish mumkin. Prezident logistikani optimallashtirish, yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish va yuk tashish tannarxini pasaytirish orqali multimodal yuk tashishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi», — dedi davlat kompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari «O‘zbekiston temir yo‘llari»ga yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va tezligiga eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidlagan. Shuningdek, davlat kompaniyasiga O‘zbekistonning butun hududini temir yo‘l infratuzilmasi bilan maksimal darajada qamrab olish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 53103 | Инструменты