Huawei 1
Prezident Senat oldida qanday dolzarb vazifalar turgani yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi

Prezident Senat oldida qanday dolzarb vazifalar turgani yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Yangilangan Konstitutsiyamizda Senat bilan Qonunchilik palatasi vakolatlaridagi takroriy holatlar bartaraf etilib, ularning har biriga tegishli vazifalar aniq ko‘rsatildi.

Senat qonunlarni muhokama qilishda yangicha mexanizmlarni joriy etishi maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Ayniqsa, qonun ijodkorligi jarayoniga mahalliy kengashlarni keng jalb etish, har bir qonun bo‘yicha ularning fikrini olish amaliyotini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.

Hududlarning o‘ziga xos xususiyat va imkoniyatlari hisobga olinmagan qonunlar quyi bo‘g‘inda samarali ishlamasligi bois, Davlatimiz rahbari Qonunlarni parlament qo‘mitalarida ko‘rib chiqishda vazirlik va idoralar vakillari bilan emas, balki mahalliy kengashlar deputatlari bilan ko‘proq ish olib borilsa, adolatdan bo‘lishini taʼkidladi.

Eng muhimi, qonunlarda hududiy va umumdavlat manfaatlari uyg‘un bo‘lishiga erishish lozim.

Mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligi taʼkidlandi.

Endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezidentimiz ushbu siyosiy islohot orqali xalqimizning 30 yillik orzusi ro‘yobga chiqqanini taʼkidladi.

Bu yil hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berildi, yana 17 ta vakolatni o‘tkazish reja qilingan. Misol uchun, ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat obyektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishi ko‘rsatib o‘tildi.

Ushbu chora-tadbirlarning barchasi mamlakatimizda davlat boshqaruvini quyi bo‘g‘inga tushirish, ularni aholiga yaqinlashtirish jarayonlari ortga qaytmas tus olganidan dalolat beradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111914 | Инструменты