Dastlabki natijalarga koʻra, doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Prezident aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish yakunlari hamda milliy statistika tizimida islohotlarni jadallashtirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
O'zbekiston aholisi 1989-yildan buyon 2 barobar, davlat iqtisodiyoti esa 8 yilda 2 karra oʻsdi. Bunday oʻzgarishlar aholi tarkibi, yashash manzillari, yer resurslari, qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat manbalari toʻgʻrisida aniq va ishonchli maʼlumotlarga boʻlgan ehtiyojni oshirdi. Shu maqsadda joriy yilda oʻtkazilgan aholi va qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijalari boʻyicha axborot berildi.

Dastlabki natijalarga koʻra, doimiy aholi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etdi. Amaldagi hisobda aks etmagan 810,6 ming nafar aholining yashash manzili va ijtimoiy maqomiga aniqlik kiritildi.
Qishloq xoʻjaligini roʻyxatga olish natijasida hisobda aks etmagan 985,5 ming gektar yerning chegarasi va toifasi aniqlashtirildi. Shundan 789,5 ming gektari ekin yerlari, 14,1 ming gektari issiqxonalar, 75,3 ming gektari bogʻlar, 21,4 ming gektari tokzorlar va 85 ming gektari baliqchilik havzalariga toʻgʻri keladi.
Jarayonlarning raqamlashtirilgani hisobiga roʻyxatga olish xarajati aholi jon boshiga 1,5 ming soʻmdan oshmadi. Bu MDH davlatlaridagi koʻrsatkichlarga nisbatan 15 barobar kam. Barcha jarayonlar 15 kunda yakunlanib, Oʻzbekiston roʻyxatga olish tezligi boʻyicha dunyoda 2-oʻrinni egalladi.
Mehnat bilan band boʻlgan 15,2 million aholining 6,5 millioni yoki 42 foizining daromadlari rasmiy hisobda toʻliq aks etmayapti. Roʻyxatdan oʻtgan koʻplab kichik va oʻrta biznes subyektlari amalda ishlamaydi yoki faoliyatini toʻxtatgan. Mazkur holat halol ishlayotgan va soliq majburiyatlarini toʻliq bajarayotgan korxonalar uchun nosogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirmoqda. Har 4-5 soʻmlik iqtisodiy aylanmaning 1 soʻmi rasmiy statistika eʼtiboridan chetda qolmoqda. Ushbu faoliyatni tartibga solish budjetga qoʻshimcha oʻnlab trillion soʻm tushum taʼminlash va kelgusida soliq yukini kamaytirish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar biznesni roʻyxatga olish tadbirini oʻtkazish taklifi maʼqullandi. Uning doirasida mamlakatda faoliyat yuritayotgan barcha iqtisodiy birliklar xatlovdan oʻtkazilib, subyektlarning holati, tarkibi va iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha taqsimotiga aniqlik kiritiladi.
Maʼlumotlarni boshqarish boʻyicha yagona yondashuvni shakllantirish maqsadida vazirlik va idoralar ishtirokida Maʼlumotlarni boshqarish komissiyasini tashkil etish taklif qilindi. Komissiya joriy yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlaridagi maʼlumotlarni boshqarish tizimlarini toʻliq xatlovdan oʻtkazadi, 2027-yil 1-maygacha ularni takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlaydi.
2027-yil 1-iyulga qadar Milliy maʼlumotlar platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Shuningdek, Ochiq maʼlumotlar bilan ishlash boʻyicha loyiha ofisini tashkil etish va davlat idoralari uchun “Ochiq maʼlumotlar reytingi”ni joriy qilish taklif etildi.
2027-yil 1-iyulga qadar statistik maʼlumotlar sunʼiy intellekt tizimlari oʻqiy oladigan formatlarda eʼlon qilinadi. Statistik koʻrsatkichlarni taqqoslash va chuqur tahlil qilish imkonini beruvchi sunʼiy intellekt agentlari joriy etiladi. 2027-yil yakuniga qadar aholi, demografiya, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma va hududiy rivojlanishga oid maʼlumotlar geofazoviy raqamli xaritalarda aks ettiriladi.
Shuningdek, 2027-2028-yillarda Multiindikator klaster kuzatuvining yettinchi raundini oʻtkazish hamda Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ishtirokida milliy statistika tizimining xalqaro standart va kodekslarga muvofiqligini baholash rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90217 | Инструменты