O‘zbekiston Markaziy banki Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi
O‘zbekiston Markaziy banki Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.
Esdalik tangalari “Ikki tanga — bir Registon” konsepsiyasi asosida yaratilgan. Oltin va kumush tangalar yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasviri hosil bo‘ladi.

Tangalarning old tomonida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me’moriy elementlari va shaxmat donalari tasvirlangan. Oltin tangada “46-Butunjahon Shaxmat Olimpiadasi Samarqand-2026”, kumush tangada esa “46th Fide Chess Olympiad Samarkand-2026” yozuvi joylashtirilgan.
Orqa tomonida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) logotipi aks ettirilgan. Shuningdek, tangalarda Markaziy bank nomi va nominal qiymati ko‘rsatilgan.

Tangalar 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etiladi. Har birining og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi.

Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi. Markaziy bankka ko‘ra, bozor talabi va kolleksionerlar qiziqishidan kelib chiqib, tangalar tiraji bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 92419 | Инструменты