Konstitutsiyaviy sud: shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas

Shu yil 22-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Konstitutsiyaviy sud majlisida shaxsni ma’muriy tartibda 48 soatdan ortiq ushlab turish imkonini beruvchi norma Konstitutsiyaga muvofiqligi ko‘rib chiqildi.

Masala Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili murojaati asosida ko‘rib chiqildi. Unda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 288-moddasi ikkinchi qismi Konstitutsiyaning 27-moddasiga muvofiqligi yuzasidan masala qo‘yilgan.

Amaldagi normaga ko‘ra, chegara tartibini yoki davlat chegarasi orqali o‘tish punktlaridagi tartibni buzgan shaxslar ayrim holatlarda uch sutkagacha, shaxsni tasdiqlovchi hujjati bo‘lmagan taqdirda esa prokuror sanksiyasi bilan o‘n sutkagacha ushlab turilishi mumkin edi. Konstitutsiyaning 27-moddasida esa shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilangan.

Konstitutsiyaviy sud mazkur normalarda 48 soatdan ortiq ushlab turish zarurati tug‘ilganda sud qarorini olish mexanizmi nazarda tutilmaganiga e’tibor qaratdi. Shu asosda Konstitutsiyaviy sud mazkur normani O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasi uchinchi qismiga muvofiq emas deb topdi.

Qarorda yana bir muhim jihat qayd etildi: shaxsni 48 soatdan ortiq ushlab turish masalasida prokurorni xabardor qilish yoki prokuror sanksiyasi sud qarorining o‘rnini bosa olmaydi.

Mazkur qaror shaxsning erkinligi va shaxsiy daxlsizligini ta’minlash, sud nazoratini kuchaytirish va ma’muriy ushlab turish tartibini Konstitutsiya talablariga muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92317 | Инструменты