Huawei 1
Prezident “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorni imzoladi.

Qarorda quyidagilar nazarda tutilgan:

2021 yil 1 yanvarga qadar quyidagilar tashkil etiladi:

- Yaponiya ish beruvchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazi;

-  Rossiya Federatsiyasining Payvandchilik nazorati milliy agentligi bilan hamkorlikda Farg'ona shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida payvandchilar maktabi;

-  Birlashgan Arab Amirliklarining rekruting “Tadbeer” markazlari bilan hamkorlikda Guliston shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida xizmat sohasida faoliyat ko'rsatadigan ishchilarni tayyorlash o'quv markazi;

-  Yaponiya va Birlashgan Arab Amirliklari bilan hamkorlikda chet tillariga o'qitish va xizmat sohasi bo'yicha kasbga tayyorlash o'quv markazlari;

2021 yil 1 yanvardan boshlab:

-  “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida kam ta'minlangan sifatida ro'yxatga olingan oila a'zolariga, ular mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotganda  mikroqarzlar beriladi;

-  mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yo'l haqini to'lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bog'liq xarajatlarni qoplash uchun 10 mln so'mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi;

-  mikroqarz foiz stavkasining 14 foizli punktidan yuqori bo'lgan qismi, lekin 21 foizdan oshmagan miqdori Bandlikka ko'maklashish davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan kompensatsiya qilinadi;

2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan holda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish – o'zini o'zi band qilgan shaxslar shug'ullanishi mumkin bo'lgan faoliyat turlariga tenglashtiriladi hamda ushbu shaxslarga o'zini o'zi band qilganlar uchun belgilangan soliqlarni to'lash hamda pensiya miqdorini hisoblash tartibi qo'llaniladi;

tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yanada rivojlantirish maqsadida:

-  2021 yil 1 yanvarga qadar O'zbekistonda Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochiladi hamda ushbu vakolatxonada patentni tayyorlash, rasmiylashtirish va berish xizmatlari ko'rsatiladi;

-  2021 yil 1 yanvarga qadar Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg (90 mingga yaqin mehnat migrantlari ishlamoqda), Novosibirsk (200 ming nafar), Samara (100 ming nafar), Ufa (70 ming nafar), Chimkent (100 ming nafar) va Istanbul (300 ming nafar) shaharlaridagi vakolatxonalari ochiladi;

-  chet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, mablag'larsiz qolgan 10 mingga yaqin fuqarolarga 446 ming so'm (40 doll) bir martalik moddiy yordam ko'rsatiladi hamda ushbu maqsadlarga 4,1 mlrd so'm mablag' ajratiladi;
-  Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston va Turkiya Respublikalarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga huquqiy yordam ko'rsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinadi, onlayn platforma yaratiladi va Rossiya Federatsiyasi hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan “Call-markaz” tashkil qilinadi;

-  xorijiy mamlakatlarda O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam yordam ko'rsatib kelayotgan shaxslarni “faxriy konsul” hamda “jamoat maslahatchisi” etib tayinlash hamda ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash amaliyoti joriy qilinadi;

-  diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, yirik ish beruvchilar hamda O'zbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam ravishda yordam ko'rsatib kelayotgan boshqa shaxslar ishtirokidagi Maslahat kengashlari tashkil etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122218 | Инструменты