O'zbekiston Prezidentining davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisiga 4 nafar yangi o'rinbosarlar tayinlandi. Davlat rahbarining tegishli farmoni bugun, 17-dekabr kuni imzolandi.
Hujjatga ko'ra, Qahramon Kuranbayev prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Shu munosabat bilan u prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Shu bilan birga, Qahraman Sariyev ham prezidentning ushbu maslahatchisiga birinchi o‘rinbosar bo'ldi. U bungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi lavozimini egallab kelayotgan edi.
Shuningdek, Umar Ismailov hamda Ulug‘bek Islomovich Muxammadiyev prezident maslahatchisining o'rinbosarlari bo'lishdi.
Umar Ismailov shu kungacha prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisining o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan bo'lsa, Ulug‘bek Muxammadiyev prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish va murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Ma'lumot uchun, prezidentning davlat xizmati, aholi bilan muloqot va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimiga noyabrda Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi G‘ofurjon Mirzayev tayinlangan.
Ushbu yangi lavozim avvalgi ikkita maslahatchi lavozimini birlashtirish orqali tashkil etilgan. Bunda prezidentning fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hamda prezidentning davlat xizmati masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimlari tugatilib, ularning negizida yangi lavozim joriy etilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12001 | Инструменты