Saida Mirziyoyeva Rossiya prezidenti Administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashdi. Bu haqda u o'z rasmiy sahifasida ma'lum qildi.
"Bugun Moskva shahrida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko bilan samimiy va mazmunli uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama etildi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli munosabatlar strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning mustahkam poydevori ekanligi alohida ta’kidlandi.
Yoshlar va kadrlar siyosati masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va rahbarlarning yangi avlodini tarbiyalash bo‘yicha tajriba almashish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Ta’lim sohasidagi hamkorlikning ijobiy sur'ati qayd etildi: Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni tobora ortib bormoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning bir qator yetakchi universitetlari filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda", deya yozgan Prezident yordamchisi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53103 | Инструменты