Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdi
Bugun, 22 aprel kuni videokonferensiya tarzida “Markaziy Osiyo – Rossiya” 5-Vazirlar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Rossiya hukumatlari vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi nomidan videokonferensiyada Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov qatnashdi.
Uchrashuv kun tartibiga mintaqa davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikka oid, jumladan, Markaziy Osiyoda barqarorlikni saqlash, terroristik va ekstremistik tahdidlarga qarshi kurashish, islohotlarni amalga oshirish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish, jadal iqtisodiy o‘sish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, hududlararo turizmni rivojlantirish, kiber- va biologik xavfsizlik, shuningdek mintaqa davlatlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar kirdi.
Sardor Umurzoqovning nutqi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning barqaror rivojlanishini mustahkamlash borasida hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga bag‘ishlandi.
Platformaga a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular qatoriga savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rag‘batlantirish hamda talabga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni kengaytirish va diversifikatsiya qilish, “yashil yo‘laklar” va logistika imkoniyatlarini rivojlantirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash ham kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston tomoni texnologik salohiyatni rivojlantirish, platformaga a’zo mamlakatlarning qo‘shma investitsiya imkoniyatlarini birlashtirish va safarbar etish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.
COVID-19dan keyingi tiklanishni tezlashtirish, mintaqa mamlakatlari va Rossiya o‘rtasida sayyohlik, biznes va yuk almashinuvini faollashtirish zarur bo‘lgan bir sharoitda tovarlar va yo‘lovchilar oqimidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan hamkorlikning muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, Sardor Umurzoqov o‘z nutqida ikki tomonlama hamda mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasida sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuv, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash, fan va axborot texnologiyalari, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlarini sanab o‘tdi.
Nutqda afg‘on muammosiga alohida o‘rin berildi. O‘zbekistonning Afg‘onistonga dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, aholi xavfsizligi va mamlakatda barqarorlikni ta’minlashda amaliy ko‘mak berishda davom etishga sodiqligi ta’kidlandi. O‘zbekiston afg‘on xalqiga samarali gumanitar yordam ko‘rsatishda, elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha amaldagi shartnomalarni bajarishda, afg‘on talabalari va mutaxassislariga mamlakat ta’lim muassasalarida o‘qitish xizmatlarini ko‘rsatishda, shuningdek ilgari kelishilgan qo‘shma infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishda davom etadi.
Kun tartibidagi masalalar har tomonlama muhokama qilinib, ular borasida o‘zaro samarali fikr almashilgani ishtirokchilarga o‘zaro manfaatlar kesishuvi nuqtalarini belgilash va hamkorlikning turli jihatlari bo‘yicha mushtarak pozisiyalarni ishlab chiqish imkonini berdi. Tadbir yakunlari bo‘yicha o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish va barcha uchun muhim bo‘lgan vazifalarni hal qilish maqsadida ko‘p tomonlama muloqotni davom ettirishga tayyorlik bildirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 53100 | Инструменты