Saylov jarayonlarida uning natijalariga u yoki bu tarzda ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan biron-bir jiddiy qonunbuzilishi hozirgi vaqtga qadar aniqlanmadi. Bu haqda Bosh prokuror o‘rinbosari Shoxrux Aminov Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida o‘tkazilgan brifingida ma’lum qildi.
Unda aytilishicha, xodimlar prokuratura organlarining barcha bo‘g‘inlarida tashkil etilgan 24 soatlik uzluksiz navbatchilikda xizmat qilmoqda, ular saylov jarayonida qonuniylikni ta’minlash ishlariga to‘liq jalb etilgan.
"Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, mamlakatdagi vaziyat haqida real vaqt rejimida axborot almashilmoqda", dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi siyosiy tadbirning tinch va osoyishta o‘tkazilishi, jamoat tartibining saqlanishi qat’iy nazoratga olingan.
"Soat 15-00 ga qadar prokuratura organlariga saylov jarayonida shu kunga qadar fuqarolardan 250 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda asosan saylov qonunchiligiga oid huquqiy tushuntirish so‘ralgan. Huquqbuzarliklarga oid xabarlar va murojaatlar kelib tushmadi", deya qo‘shimcha qildi u.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112418 | Инструменты