Ish joyida tazyiq va zo'ravonlik ko'rganlarning yordam murojaati uchun alohida Portal ishlab chiqiladi

Keyingi yildan O'zbekistonda ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Ya'ni 2027 yil 1 yanvarga qadar davlat organlari va tashkilotlarida “Xavfsiz va hurmatga asoslangan  ish muhiti” axborot portali ishga tushiriladi. Bular bo'yicha tegishli Hukumat qarori belgilandi. 

Unga ko'ra, endi davlat mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari xavflarini davriy baholash va tashkiliy muhitni tahlil qilish yiliga kamida bir marta o‘tkaziladi. Davlat organlari va tashkilotlarida mehnat sohasida tazyiq va zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha murojaat berishning asosiy kanali Portal hisoblanadi. Murojaatlar ochiq, maxfiy yoki anonim shaklda taqdim etilishi mumkin.

Portal orqali berilgan murojaat avtomatik ravishda ro‘yxatga olinadi va unga takrorlanmaydigan raqam beriladi. Portaldan tashqari berilgan murojaat mas’ul xodim tomonidan 1 ish kuni ichida tizimga kiritilishi kerak.

Ustidan murojaat berilgan shaxsga quyidagi vaqtincha cheklov choralari qo‘llanadi:

- murojaatni ko‘rib chiqish ishtirokchilari o‘rtasidagi muloqot, shu jumladan, mehnat munosabatlarini cheklash;

- boshqaruv vakolatlarini vaqtincha to‘xtatish;

-qisman yoki to‘liq lavozim majburiyatlarini bajarishdan chetlashtirish;

- murojaat bilan bog‘liq ishtirokchilar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur boshqa cheklov choralari.

Bevosita tahdid mavjud bo‘lsa, vaqtincha himoya choralari 1 ish kuni ichida, boshqa holatlarda esa xavf aniqlangan kundan e’tiboran 3 ish kunidan kechiktirmay qo‘llanadi.

Murojaat bo‘yicha tekshiruv 15 kun ichida yakunlanadi. Zarur hollarda uning muddati bir marta 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.

Murojaatchi, jabrlangan shaxs yoki ustidan murojaat berilgan shaxs huquqiy ta’sir chorasi haqida xabar olgan kundan e’tiboran 30 ish kuni ichida Portal orqali shikoyat berishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100112 | Инструменты