Bugun, 28-mart kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Unda Senatning ellik birinchi yalpi majlisini 2024-yil 30-mart kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ta’kidlanganidek, videokonferensaloqa tizimidan foydalangan holda o‘tkaziladigan yalpi majlisda qator masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgan.
“Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga sud hokimiyatining mustaqilligi kafolatlarini mustahkamlashga, sudlar faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilishga hamda yagona sud amaliyotini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi va “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Shuningdek, yalpi majlis kun tartibida “Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi to‘g‘risidagi Bitimga hamda Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevrosiyo guruhi budjetini shakllantirish va ijro etish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomani (Toshkent, 2022-yil 1-iyun) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun ham o‘rin olgan.
Senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Ishlayotgan erkaklar va ayollar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega xodimlar to‘g‘risidagi 156-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1981-yil 23-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonunni ham ko‘rib chiqadi.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.
Yalpi majlisda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning sifat tarkibini yaxshilash, o‘simlik va hayvonot dunyosini asrash hamda kadastrini yuritish holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi muhokama qilinishi ham rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, sentorlar Oliy Majlis Senati Kengashining bir qator qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111303 | Инструменты