Huawei 1
Senatorlar kreativ iqtisodiyot haqidagi qonunni maʼqulladi

Oliy Majlis Senatining ellik sakkizinchi yalpi majlisida “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish va ushbu sohadagi munosabatlarni tartibga solish nazarda tutilib, unda kreativ iqtisodiyot sohalari sifatida 15 ta yo‘nalish belgilanmoqda.

Hujjatda kreativ iqtisodiyot bo‘yicha davlat siyosatining amalga oshirilishi mexanizmi, Vazirlar Mahkamasining, vazirlik, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining sohaga oid vakolatlari belgilab qo‘yilmoqda.

Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashi tashkil etilishi, ushbu kengash jamoatchilik asosida faoliyat olib boradigan maslahat organi hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Qonun asosida kreativ iqtisodiyot uchun zarur infratuzilma yaratish va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, xususan, kreativ industriyalar parki va klasterlari, raqamli platformalar, art-rezidensiyalar, kreativ industriya markazlari, innovatsion uskunalar va texnologiyalar, raqamli dasturlar va platformalar  yaratilishi hamda kreativ industriyalar parkining vazifalari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Qonun asosida ichki va tashqi bozorlarda kreativ industriya sohalaridagi loyihalarni yaratish, ishlab chiqarish va ilgari surish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish maqsadida kreativ iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etilishi hamda ushbu jamg‘armalar mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Kreativ industriyalarining respublika iqtisodiyotiga hissasini aniqlash maqsadida statistik ko‘rsatkichlarini shakllantirish hamda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni hisobga olish, madaniy merosni asrash Qonun darajasida belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Global innovatsiyalar indeksidagi o‘rnini oshirishga, kreativ industriya sohasidagi innovatsion g‘oyalar va loyihalarni rivojlantirishga, madaniyat va merosni ommalashtirishib, xalqaro va ichki turizmni rivojlantirishga qaratilgan kreativ mahsulotlar va xizmatlarni sotish uchun sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini eʼtiborga olib, uni maʼqulladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100523 | Инструменты