Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

Serbiya O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonovning Serbiya mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy siyosat vaziri Militsa Stamenkovski bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, elchixonaning ochilishi o‘zbekistonliklar uchun hozirda Ostona shahri orqali amalga oshirilayotgan viza rasmiylashtirish jarayonlarini ancha soddalashtirishi kutilmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida hukumatlararo bitim imzolash masalasi ham muhokama qilingan. Tomonlar ushbu yo‘nalishda kelishuvga erishgan.

Serbiya tomoni mamlakatda o‘tkaziladigan EXPO 2027 xalqaro ko‘rgazmasi obyektlari qurilishiga o‘zbekistonlik malakali mutaxassislarni jalb qilishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Shu munosabat bilan kadrlarni oldindan tayyorlash, ularning malakasini loyihalarga moslashtirish hamda munosib mehnat sharoitlariga ega ish o‘rinlariga yo‘naltirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida hukumatlararo bitim imzolash masalasida kelishuvga erishilgan. Stamenkovski mazkur hujjatni “tarixiy bitim” deb atab, Serbiyaning boshqa davlat bilan tuzgan ilk shunday kelishuvi ekanini aytdi.

“Hujjat Serbiyada ishlaydigan O‘zbekiston fuqarolariga tizimli kafolat beradi. Ular mahalliy xodimlar bilan mutlaqo teng huquqlarga ega bo‘ladi”, dedi vazir. Unga ko‘ra, Serbiyada o‘zbekistonlik kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lib, 2027-yil boshidan eng kam oylik 600 yevroni tashkil etadi, yil yakuniga borib esa 650 yevroga yetishi kutilmoqda.

Muzokaralar Serbiya Milliy bandlik xizmati direktori Milan Bosnich bilan ham davom ettirilgan. Unda O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

Tomonlar hukumatlararo bitim ratifikatsiya qilinganidan so‘ng ikki idora o‘rtasida mehnat migratsiyasi va ishchi kuchi mobilligi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashga kelishib olgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91012 | Инструменты