Huawei 1
Shaharsozlik sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi qonun muhokama qilindi

Senatning ellik to‘rtinchi yalpi majlisida “Shaharsozlik faoliyati sohasidagi davlat boshqaruvi va aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Faol fikr va takliflar almashinuvi tarzida o‘tgan qonun muhokamasida tez o‘zgaruvchan voqelikka moslasha oladigan, shaharlar va aholi punktlari rivojlanishini samarali boshqarishni taʼminlaydigan moslashuvchan va dinamik shaharsozlik tizimini yaratish zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Qayd etilganidek, qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining nomini va vakolatlarini aniqlashtirishni, shuningdek respublika hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh tarhini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish tarhlarini ishlab chiqish yo‘li bilan aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shaharlarning bosh rejalarini soddalashtirilgan shaklda ishlab chiqishda buyurtmachiga va loyiha tashkilotlariga loyihalashtirish uchun topshiriqlar berish meʼyori belgilanmoqda.

Taʼkidlanganidek, qonunda ko‘zda tutilgan o‘zgartirishlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishning rejalashtirish sxemalarini yaratish orqali alohida hududlarni, ularning o‘ziga xosligi va salohiyatini hisobga olgan holda rivojlantirishning yana-da aniq rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi.

Eng muhimi, taklif etilayotgan o‘zgartirishlar fuqarolar uchun iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sharoitni saqlagan holda shaharlar va aholi punktlarining barqaror va mutanosib rivojlanishini taʼminlaydi.

Senatorlarning fikricha, mazkur qonun O‘zbekistonda yana-da samarali va shaffof shaharsozlik tizimini yaratish hamda har bir fuqaro munosib hayot kechirishi va xavfsiz kelajakka ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan zamonaviy hududlarni barpo etishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102301 | Инструменты