O‘zbekiston Birinchi xonimi Turkiy davlatlar tashkiloti Oila va xotin-qizlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Anqara shahriga tashrifi va Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida Birinchi xonim Ziroat Mirziyoyeva TDT Oila va xotin-qizlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

TDTning 13-sammiti doirasida tashkil etilgan Oila va xotin-qizlar kengashi turkiy davlatlar o‘rtasida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish va ularning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.

Kengash huzuridagi davlat va hukumat rahbarlari rafiqalaridan iborat Oliy faxriy kengashning ilk yig‘ilishi “Hamjihatlikdan institutsional hamkorlik sari: Turkiy dunyoda oila va xotin-qizlar” mavzusiga bag‘ishlandi.

Ziroat Mirziyoyeva o‘z nutqida qizlarning zamonaviy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish va xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

– Ayolning bilimi va mehnati qadrlangan, oilada o‘zaro hurmat va hamjihatlik qaror topgan muhit butun jamiyatni mustahkamlaydi, – dedi Birinchi xonim.

Onalik va bolalikni muhofaza qilish, inklyuziv taʼlimni rivojlantirish hamda ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan ham takliflar bildirdi. Bolalar va o‘smirlar uchun xavfsiz internet muhitini yaratish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Soʻzining yakunida Ziroat Mirziyoyeva yig‘ilishni tashkil etgani uchun Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘anga tashakkur izhor etdi. Qabul qilingan qarorlar oilalar xotirjamligi, xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar va bolalar farovonligiga xizmat qilishiga umid bildirdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103112 | Инструменты