Huawei 1
Shavkat Mirziyoyev: 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin

Prezident taʼkidlaganidek, ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlar qabul qilishda qonuniylikni, ularning asoslangan bo‘lishini taʼminlashi lozim.

Keyingi vaqtda qonunosti normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik bilan maslahat qilishda qonunlarimizda belgilangan talablarga hamisha ham rioya etilmayotganiga eʼtiroz bildirildi.

Adliya vazirligiga bir oy muddatda bu masala bo‘yicha takliflarni Qonunchilik palatasining tegishli qo‘mitasi bilan birga muhokama qilish va Hukumatga kiritish topshirildi.

Hukumatning qonunchilik tashabbusi bilan Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari sifatini oshirish ham dolzarb masala bo‘lib turibdi.

"Davrning o‘tkir talablariga javob beradigan, sifatli, amaliyotda samarali ishlaydigan qonunlarni qabul qilish Oliy Majlisning eng muhim vazifasi, kerak bo‘lsa, uning obro‘sidir.

Bu borada taniqli xitoy faylasufi Shan Yanning “Yaxshi qonun – xalqqa hurmat ifodasidir”, degan so‘zlarini eslash o‘rinli, deb o‘ylayman. Har bir qonunda shunday hurmat namoyon bo‘lishi kerak. 100 ta emas, 5 ta qonun qabul qilaylik, lekin xalqchil bo‘lsin, xalqimizga xizmat qilsin", - dedi Prezident.

Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari deputatlar tomonidan joylarda aniqlangan muammolarni hal etishda quyi palata qo‘mitalari bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishlari lozimligi taʼkidlandi.

Lekin hozirgi vaqtda turli sohalarda nazoratni taʼminlovchi davlat inspeksiyalarning Qonunchilik palatasi qo‘mitalari bilan hamkorlik tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois ularning hisobotlarini qo‘mitalarda muhokama qilib borish bo‘yicha yangi, taʼsirchan tizim joriy etish muhimligi taʼkidlandi.

Bu ish samarali bo‘lishi uchun vazirlik va idoralarda rahbar o‘rinbosarlarini quyi palata qo‘mitalari bilan doimiy hamkorlik uchun masʼul etib biriktirish taklif etildi.

Prezidentimiz parlament va Hukumat o‘rtasidagi munosabat qarama-qarshilikka emas, konstruktiv muloqotga asoslanishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Afsuski, parlament so‘rovi, deputat so‘roviga yuzaki yondashib, unga yengil-yelpi munosabatda bo‘lish holatlari ham uchrab turgani qayd etildi.

Bu borada barcha rahbarlar masʼuliyat va javobgarlikni to‘liq his etishi lozimligi, ushbu masalaga bepisand qarashga hech kimning haqqi yo‘qligi taʼkidlandi. Parlament va deputat so‘rovlariga javob aniq va mazmunli bo‘lishi, so‘rov kimga yo‘llangan bo‘lsa, shaxsan shu rahbar tomonidan javob berilishi shart.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112014 | Инструменты